127

Akademiya vakillari xalqaro forumda ishtirok etdilar

Xabaringiz bor, kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy Toshkent shahridagi Kongress-markazida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida ishtirok etgan edi.

Bugun esa mazkur tadbirlar doirasida “Tashkent city” Kongress-xoll markazida “Halollik chempionlari forumi” mavzusida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro yuksak mukofoti g‘oliblari tarmog‘i birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Korrupsiyaga qarshi kurash markazi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari, 40 dan ziyod mamlakat delegatsiyalari, shu jumladan ushbu xalqaro mukofot sovrindorlari qatnashdi.

Mazkur xalqaro anjumanda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari – Akbar Kazakbayev hamda Bahromjon Daminov ishtirok etdilar.

Tadbir “Korrupsiyaning xalqaro istiqbollari”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy tashabbuslari”, “Yoshlar, akademiya va ta’lim”, “Korrupsiya ortida turgan haqiqatni ochish”, “Akademiya va innovatsiyalar o‘rtasidagi bog‘liqlik” kabi panel sessiyalariga bo‘lindi.

Panel sessiyalari davomida shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyodagi eng dolzarb muammolardan biri bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida global mukofotning ta’sis etilgani va uni topshirishga bag‘ishlangan marosimlar barcha qit’alarda o‘tkazib kelinayotgani e’tirof etildi.

Ma’lumot uchun aytish joizki, kecha “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida xalqaro hamjamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarini ifodalovchi monumentning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy ishtirok etdi.

Kafti ochiq qo‘l ko‘rinishida metalldan ishlangan ushbu o‘n ikki metrlik kompozitsiya halollik, pok amal va niyatlarni, korrupsiyaga nisbatan mutlaq toqatsizlikni, dunyoning barcha mamlakatlarini unga qarshi kurashishda birlashishga chaqiriqni anglatadi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish