144

“Yangi hayot uchun, yangi Oʻzbekiston uchun!”

Shu yil 22-dekabr kuni muhtaram Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan Respublika maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash yuzasidan mamlakatimiz miqyosida “Yangi hayot uchun, yangi Oʻzbekiston uchun!” degan shior ostida ziyolilar va keng jamoatchilik ishtirokida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar boshlandi.

Poytaxtimizdagi Adiblar xiyoboni, “Navroʻz” toʻyxonasi, Uchtepa tumani hokimiyati kabi maskanlardagi boʻlib oʻtgan tadbirlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining din va millatlararo munosabatlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Respublika Maʼnaviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Mirzo kabi ziyo vakillari ishtirok etdilar.   

Tadbirda soʻzga chiqqan notiqlar bugungi murakkab davrda xalqimizning milliy manfaatlarini asrab-avaylash, tinch va osuda hayotni saqlash, dunyoning ayrim nuqtalaridagi notinch vaziyat tufayli insonlar aziyat chekayotgani, ana shunday bir sharoitda yurtimizda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladilar. Shuningdek, ushbu mavzularni Qurʼoni karim oyatlari, hadisi shariflar va ibratli voqealar asosida taʼsirchan bayon etildi.

Albatta, diyorimizning tinchligiga oʻz navbatida davlatimiz rahbarining bu sohada olib borayotgan saʼy-harakatlari ham muhim omil ekani, bu dunyoda Vatandan azizroq makon yoʻqligi, u bilan faxr-iftixor tuyish, jadid bobolarimizning milliy davlatchilikka qoʻshgan hissasi, ilm-maʼrifatga bergan eʼtiborlari haqida soʻz yuritildi.

Istiqlol sharofati bilan ijtimoiy, maʼnaviy va diniy qadriyatlarning qaytadan tiklanishi va rivojlanishi uchun keng yoʻl ochilgani, hurlik bizga oʻzligimizni qaytargani, dinu diyonatimizni tortiq etgani, erkin eʼtiqod va ibodat qilishimizni taʼmin etgani alohida qayd qilindi.

Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy kabi ulugʻ mutafakkir va allomalarning boy merosi, ularning ilm-fan taraqqiyoti rivojiga bebaho hissa qoʻshganlari hayotiy misollar bilan eʼtirof etildi.

Bir soʻz bilan aytganda, yangi Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlar har bir fuqaroning milliy va diniy asriy orzu-umidlari roʻyobga chiqishiga mustahkam asosdir. Quvonarlisi, bugungi ozod va obod yurtimizda milliy qadriyatlar ham, diniy qadriyatlar ham sayqal topayotganini har qancha eʼtirof etsak, shukrona keltirsak arziydi.

Tadbirlar doirasida maʼnaviy-maʼrifiy kitoblar, milliy hunarmandchilik namunalari va videolavhalar namoyish etildi.

Izoh qoldirish