58

Vatanni himoya qilish mas’uliyati va yangi avlod kadrlari

Ayni paytda yurtimiz bo‘ylab Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan turli ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda.

Bu borada 2023-yil 14-dekabrda davlatimiz rahbari tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligini hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyishi qabul qilindi.

Shu maqsadda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Vatanni himoya qilish mas’uliyati va yangi avlod kadrlari” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Akademiya hamda O‘zLiDeP Toshkent shahar Kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, O‘zLiDeP Toshkent shahar Kengashi raisi, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Ravshan Fazilov, Xalq deputatlari Shayhontohur tumani Kengashi deputati Odiljon Ashirov, O‘zbekiston “Veteran” jangchi fahriy va nogironlar Birlashmasi o‘rinbosari – Birlashma Toshkent shahar Kengash raisi, iste’fodagi jangovar harakatlar qatnashchisi polkovnik Rustam Sultonov, O‘zLiDeP Toshkent shahar Kengashi vakillari, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.

Davra suhbatini Akademiya prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Akademiya prorektori oʻz nutqida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilishi, uni har jihatdan zamonaviy Milliy armiyaga aylantirish borasida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar xususida soʻz yuritdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 1992-yilning 14-yanvarida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining “Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi joylashgan harbiy qismlar va harbiy oʻquv muassasalari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Oʻzbekistonning oʻz Qurolli Kuchlari tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 29-dekabrdagi “Vatan himoyachilari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonuniga binoan 14-yanvar – “Vatan himoyachilari kuni”, deb eʼlon qilindi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda harbiy-siyosiy sohada amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida yurtimiz xavfsizligi va tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga har jihatdan qodir, zamonaviy, eng yangi qurol-yarogʻlar va harbiy texnika bilan taʼminlangan, mutlaqo yangi milliy armiya vujudga keldi.

Uning zamirida xalqimizning ming yillar davomida shakllangan qadimiy anʼana va qadriyati asosida buyuk ajdodlarimiz Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Manguberdi singari ona Vatan uchun jonini fido qilishga tayyor mard va yurtga sadoqati vatanparvarlar kamol topib kelmoqda. 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar milliy armiyamiz, uning yurtimiz tinchligini muhofaza etishdagi oʻrni va bugungi dorilamon kunlarning qadriga yetishga barchamiz masʼul ekanimiz haqida fikr bildirishdi.

14-yanvar – Vatan himoyachilar kuni har yili keng nishonlab kelayotgani, Qurolli Kuchlarimizning jamiyatimiz va davlatimiz hayotidagi roli va mohiyati mustahkamlangani, Asosiy qonunimizda Oʻzbekiston Respublikasini himoya qilish – Oʻzbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchi ekaniga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Darhaqiqat, bir soʻz bilan aytganda, Vatanimizda bugungi tinch va barqaror hayot, farovonlik xalqimizga mustaqillik tuhfa etgan aziz neʼmatlardan hisoblanadi, har qanday davlatning mustaqilligini, birinchi navbatda, uning oʻz armiyasi, Qurolli Kuchlari himoya qilishi kerak.

Uchrashuv yakunida bayram munosabati bilan veteranlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Shuningdek, Akademiyaning bir guruh ustozlariga esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish