123

Internetda radikalizm va ekstremizm g‘oyalari targ‘ibotidan ehtiyot bo‘ling!

Bugungi davrni axborot texnologiyalarisiz tasavvur qilish mushkul. Globallashuv davrida axborotlar oqimi bois, yoshlar keng bilimga ega bo‘lish barobarida tobora kuchayib borayotgan maʼnaviy tahdid va xatarlarga duch kelyapti. Ularni axborot xurujlaridan asrash esa eng ustuvor masalaga aylanmoqda.

Shu maqsadda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Internetda radikalizm va ekstremizm g‘oyalari targ‘ibotidan ehtiyot bo‘ling!” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Munira Qahhorova, kechki, sirtqi va masofaviy ta’lim bo‘limi boshlig‘i Suxrob Xidirov, Shayxontohur tumani 3-sonli ichki ishlar bo‘limi huquqbuzarlik profilaktika katta inspektori, kapitan Muhriddin Hikmatov hamda sirtqi va kechki ta’lim shakli talabalari ishtirok etdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar mazkur tadbir yoshlarni radikalizm, terrorizm, ekstremizm, soxta daʼvolar, gʻarazli daʼvatlar, axborot xurujlari, mafkuraviy tazyiqlar, ommaviy madaniyat taʼsiridan himoyalash maqsadida tashkil etilayotganini qayd etishdi.

Ekstremizm va terrorizm odamlarning ertangi kuniga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazibgina qolmay, balki xalqaro maydondagi muammolarni, jumladan, turli e’tiqod vakillari bo‘lgan xalqlar orasidagi o‘zaro ishonchga soya solayotgani ta’kidlandi.

Ayni paytda dunyoviy va diniy bilimlarning sayozligi, sof diniy tushunchalarning asl mazmunini bilmaslik ham diniy ekstremistik gʻoyalarning tarqalishiga sabab boʻlayotgani qayd etildi. Bu borada yoshlarga to‘g‘ri tushuncha berish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish kerakligi ta’kidlandi.

Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qilishdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

Izoh qoldirish