45

“Maqsadimiz vatanparvar shaxslarni tarbiyalash”

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov rahbarligida vazirlikning navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda respublikamizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari rektorlari, prorektorlari va vazirlik mas’ullari qatnashdi.

Yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi hamda mazkur tashrif doirasida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Xitoy ta’lim forumi yakunlari, 2024-yilda oliy va professional ta’lim hamda fan va innovatsiyalar sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar, Oliy va professional ta’lim muassasalarida byudjet intizomi, 2023-yilda o‘tkazilgan nazorat tartibidagi profilaktika tadbirlari natijasida aniqlangan moliyaviy xato va kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish choralari muhokama qilindi.

O‘zbekiston – Xitoy ta’lim forumida yurtimizning 37 ta oliy ta’lim muassasalari rektorlari va prorektorlari ishtirok etib, uning yakunlariga ko‘ra erishilgan kelishuvlar ijobiy baholanib, tadbir yuqori saviyada o‘tkazilgani alohida e’tirof etildi. Mazkur kelishuvlar amaliy loyihalarda davom etishi muhimligi alohida ta’kidlab o‘tildi. Bu borada qo‘shma ta’lim dasturlari, investitsiya loyihalari, laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash kabi loyihalarning o‘rni katta. 

Yig‘ilishda ta’lim-tarbiya masalalarida Vatanga sadoqat ruhida yondashuv kun tartibining muhim masalasi ekanligi qayd etildi.

– Maqsadimiz vatanparvar shaxslarni tarbiyalash, – dedi K.Karimov. – Bunda turli ma’naviy tadbirlar bilan cheklanmasdan, mutlaqo yangi tizimga o‘tishimiz kerak. Tyutorlar faoliyatini qayta ko‘rib chiqib, takomillashtirish, qolaversa, OTMlarda yoshlar bilan ishlashga mas’ul rahbarlarning shaxsiy mas’uliyati oshirilishi lozim. 

Majlisda oliy ta’lim tizimida dual ta’limni joriy qilish masalasi ham ko‘tarildi. Bugungi kunda bitiruvchilar mehnat bozoriga tayyor emasligi aytilar ekan, Ilg‘or muhandislik maktablarini tiklash muhimligi muhokama qilindi. Toshkent davlat texnika universiteti rektori, akademik S.Turobjonov dual tizimga differensial ravishda yondashish lozimligini aytib o‘tdi. Ayniqsa texnika yo‘nalishlarida bunday tizimga ehtiyojimiz mavjudligi bir ovozdan ma’qullandi.

Manba: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmati

Izoh qoldirish