57

Alisher Navoiy – so‘z mulkining sultoni

Keyingi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning asarlarini keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Joriy yilda buyuk mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi, yurt obodligi, xalq farovonligi, ma’naviyat va madaniyat rivojiga beqiyos darajada hissa qo‘shgan Alisher Navoiy tavalludiga 583 yil to‘ladi. 

Har yili mazkur sana munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab bayramona kayfiyat hukm suradi. Joriy yildagi tadbirlar ham ko‘tarinkilik, o‘zgacha shukuh bilan adabiyot, ma’naviyat, ilm-ma’rifat, do‘stlik ayyomi sifatida o‘tkazilmoqda.

Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bo‘lib o‘tdi. Bayram tadbirida Akademiya professor-o‘qituvchilari, adabiyotshunos olimlar hamda talabalar ishtirok etdilar.

Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi tomonidan o‘tkazilgan “Alisher Navoiy – so‘z mulkining sultoni” mavzusidagi tantanali marosimni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Akademiya rektori hazrat Alisher Navoiyning boy ilmiy ijodi, ma’naviy mahzanlari bilan tanishtirish, asarlarini mutolaa qilishga undash bugungi kunning muhim jarayoni hisoblanishini ta’kidladi. 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, O‘zbekiston xalq shoiri, Akademiya Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi direktori, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Akademiya Jamoatchilik kengashi a’zosi Olimjon Davlatov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov, navoiyshunos olim, dotsent Azizullah Aral (AQSH) so‘zga chiqib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. O‘zbek tili va adabiyoti rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, yoshlarni yuksak ma’naviyatli, teran tafakkurli insonlar etib tarbiyalashda mutafakkir ijodining ahamiyati xususida so‘z yuritishdi.

Darhaqiqat, Alisher Navoiydan avlodlarga ulkan, bebaho, tuganmas adabiy meros qoldi. Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos jozibasi borligini namoyon etdi. Zero, xalqimizning sevimli shoiri Abdulla Oripovning ushbu satrlari bejiz yozilmagan: “Temur tug‘i yetmagan joyni qalam bilan oldi Alisher”.

Tadbir davomida talabalar tomonidan teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiqlar, g‘azal ijro etildi. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Ilyos Arabov hamda Respublika “Yosh ijrochilar” va “Iste’dod II” xalqaro ko‘rik-tanlovi laureate Ozodaxon Ermuhamadovaning chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. 

Shu bilan birga tadbir doirasida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan devoriy gazetalar hamda mumtoz shoirning kitoblari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, Alisher Navoiy ijodi bilan yana bir bor yaqindan tanishishlari uchun xizmat qildi. 

Umida Murodxonova,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti 2-bosqich talabasi

Izoh qoldirish