40

Olima ayol – jamiyat koʻzgusi

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2015-yil dekabrdagi 70-sessiyasida qabul qilingan “Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovatsiyalar” toʻgʻrisidagi rezolyutsiyaga muvofiq, 11-fevral – “Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni”, deb eʼlon qilingan.

Har yili mazkur sana munosabati bilan ayollar va qizlarning ilm-fan bilan toʻlaqonli foydalanishiga teng imkoniyatlar yaratish, shuningdek, xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirish maqsadida turli tadbirlar, maʼrifiy uchrashuvlar oʻtkaziladi.

Shu maqsadda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Olima ayol – jamiyat koʻzgusi” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Xotin-qizlar maslahat kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurov kirish soʻzi bilan ochib berdi. Akademiya rektori o‘z nutqida keyingi yillarda yurtimizda xotin-qizlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, ularning dasturiy ishlanmalari, innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganini e’tirof etdi. Xotin-qizlarning huquqiy mavqeyini yuksaltirishga qaratilgan koʻplab qonunlar, Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi hamda amalda izchil tatbiq etilayotganini ta’kidladi.

Tadbirda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori, tarix fanlari doktori Dilafroʻz Qurbonova “Olima ayol – jamiyat koʻzgusi” mavzusida maʼruza qildi.

“Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni”ga bagʻishlangan tadbirda Abdulla Qodiriy nomidagi Prezident ijod maktabi direktori, Avstriya Fanlar akademiyasi faxriy aʼzosi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Hilola Nazirova, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Xotin-qizlar maslahat kengashi aʼzosi, falsafa fanlari doktori, professor Matlubu Qahhorova, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy tadqiqotlari boʻlimi boshligʻi, Markaz Xotin-qizlar kengashi raisi Gulnora Gʻaniyeva, Akademiya Yoshlar masalalari, ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi Nargiza Shoaliyeva, Xotin-qizlar bo‘limi uslubchisi Dildora Nishonova, doktorant hamda talabalar ishtirok etdilar.

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining teng yarmidan koʻprogʻini xotin-qizlar tashkil qiladi. Ularning taʼlim olishi, mehnat qilishi va boshqa faoliyatlar bilan shugʻulllanishi uchun barcha sharoit yaratib berilmoqda. 

Tadbirda yurtimizda xotin-qizlarning taʼlim olishi uchun yaratilayotgan sharoitlar, olima ayollarning ilm-fan rivojlanishidagi oʻrni, ularining yutuqlari va natijalari haqida soʻz yuritildi. 

Akademiya olima ayollari va talabalarining respublika va xorijiy mamlakatlarda erishgan salmoqli natijalarini ommalashtirish, bilim olishga boʻlgan qiziqishini oshirishga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.

“Ustoz-shogird” tizimini yanada takomillashtirish, ayollar va yosh qizlarning salohiyatini ilmiy-innovatsion faoliyatga yoʻnaltirish, ularning madaniy-maʼrifiy, siyosiy va iqtisodiy faoliyatidagi nufuzini yanada oshirish ham har qachongidan-da muhim vazifalardan biriga aylangani qayd etildi.

Davra suhbati yakunida talaba-qizlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish