43

“Qalqon” guruhining yangi a’zolariga guvohnomalar topshirildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida talabalarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jamoat tartibini saqlashga ko‘maklashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilik holatlarining oldini olish maqsadida “Qalqon” jamoatchilik guruhi faoliyati yo‘lga qo‘yib kelinmoqda.

Bugun “Qalqon” guruhining yangi a’zolariga guvohnomalar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, fakultet dekanlari, Shayxontohur tumani 3-sonli ichki ishlar bo‘limi huquqbuzarlik profilaktikasi bo‘linmasi profilaktika inspektori, kapitan Muxriddin Xikmatov hamda guruh a’zolari ishtirok etdilar.

Taqdirlash marosimidan avval Akademiya rektori so‘zga chiqib, “Qalqon” guruhining maqsad-vazifalari haqida so‘z yuritdi. Bugungi globallashuv davrida yoshlarni milliy g‘oya va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning qalbi va ongiga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini chuqur singdirish zarurligini ta’kidladi. 

Talabalar orasida qadimiy tariximiz va madaniyatimiz, jonajon Vatanimizning mustaqilligi va ravnaqi yo‘lida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz bilan faxrlanish, ularga munosib bo‘lish tuyg‘usini shakllantirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganini qayd etdi. 

Yoshlarda yon-atrofimiz va jahonda ro‘y berayotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda yondashish ko‘nikmalari, turli ichki va tashqi tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish zarurligini ta’kidladi. 

O‘z navbatida talabalar ham so‘z olib, yaratib berilayotgan imkoniyatlar, sharoitlarga munosib tarzda yaxshi o‘qish, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishga, mamlakat taraqqiyoti yo‘lida sidqidildan xizmat qiladigan kadr bo‘lishga va’da berishdi. 

Shundan so‘ng “Qalqon” guruhining 26 nafar yangi vakiliga a’zolik guvohnomasi topshirildi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish