34

Homidjon domla Ishmatbekov xalqaro anjumanda Oʻzbekiston tajribasi haqida nutq soʻzladi

Bugun Qozogʻiston Respublikasining Atirau shahrida “Islom ekstremizmga qarshi” mavzusida xalqaro anjuman tashkil etildi. Unda Turkiya, Misr, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Dogʻiston Respublikasining nufuzli ulamolari qatorida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ham faol ishtirok etdi. 

Tadbir Qurʼoni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi. 

Xalqaro anjumanni Qozogʻiston musulmonlari idorasi raisi, bosh muftiy Navroʻzbay hoji Tagʻanuli ochib, ishtirokchilarni tashrif bilan qutladi. Soʻngra mamlakatda diniy jabhada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar va mazkur dolzarb mavzudagi yigʻilishdan koʻzlangan asosiy maqsad haqida maʼruza qildi. 

Nufuzli tadbir davomida Homidjon domla Ishmatbekov ham mavzu doirasida nutq qilib, muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, musulmon dunyosi turli muammolarga duch kelayotgan bugungi murakkab sharoitda din peshvolari va Islom ulamolarining hamjihatligi muhim ahamiyatga egaligini alohida taʼkidladi. Bugun din niqobi ostida yoshlarni zoʻravonlikka va oilaviy qadriyatlarni yoʻqotishga undash yoʻli bilan jamiyatda radikal qarashlarni tarqatish avj olayotgani, ushbu tahdidlarning oldini olish va unga qarshi munosib kurashda musulmon ulamolari va diniy soha xodimlari peshqadam boʻlishlari lozimligini qayd etdi. 

Homidjon domla oʻz soʻzi davomida ishtirokchilarga turli yot gʻoyalarga qarshi kurash borasida Oʻzbekiston tajribasi, “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasining mazmun-mohiyati va mazkur yoʻnalishda olib borilayotgan amaliy ishlar xalqaro darajada eʼtirof etilayotgani, bu boradagi hamkorlik munosabatlarini davom ettirishga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi doimo tayyor ekanini bildirib oʻtdi. Oʻz navbatida yigʻilish ishtirokchilari ayni yoʻnalishda mamlakatimizda olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadilar. 

Xalqaro anjumanda ulamolar va soha ekspertlari yot gʻoyalarning zararli oqibatlari, ularga qarshi maʼrifat bilan kurashish lozimligi, bu borada yaqin hamkorlik oʻrnatish, xususan, oʻzaro tajriba almashish, bilim va malakalarni oshirib borish zarurligini muhokama qildilar. Shuningdek, mazkur guruhlar Islomning ezgu gʻoyalarini insoniyatga yomon koʻrsatayotgani, bu esa kishilarning dinimizga boʻlgan qiziqishi va baʼzi musulmonlarning eʼtiqodiga oʻz taʼsirini oʻtkazayotgani alohida qayd etildi.

Tadbir yakunida barcha masalalarda keng hamkorlik qilish lozimligi boʻyicha kelishib olindi. 

Manba:

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish