42

Mutaassib shaxs psixologiyasi: muammolar va yechimlar

Xabaringiz bor, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida professor-o‘qituvchilar hamda xodimlarning dunyoqarashini yanada kengaytirish, mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy islohotlar va yangiliklarga daxldorlik hissini kuchaytirish, yangi O‘zbekistonda bo‘layotgan keng ko‘lamli bunyodkorliklar bilan tanishtirish maqsadida siyosiy bilimlarni oshirish darslari tashkil etilmoqda.

Bugun ham “Mutaassib shaxs psixologiyasi: muammolar va yechimlar” mavzusiga bag‘ishlangan navbatdagi dars soati bo‘lib o‘tdi.

Dars avvalida O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, mazkur mavzuning bugungi kunda ahamiyati haqida so‘z yuritdi. 

Unda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti “Amaliy psixologiya” kafedrasi dotsenti, psixologiya fanlari nomzodi Lutfulla Tursunov hamda “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi dotsenti, psixologiya fanlari doktori Mirmuxsin Akramov mavzu yuzasidan ma’ruza qildilar.

– Mutaassib­lik doim o‘zini so‘zsiz haq deb bilib, fik­rida qattiq turib olish, boshqa­larni esa nohaq deb qarashdir, – dedi Lutfulla Tursunov. – Bu tuyg‘u mutaassib kishida o‘zgani tahqirlaydigan, uning insoniy haq-huquqlarini e’tirof etmaydigan muayyan xatti-harakatlar ko‘rinishida aks etadi. Borib-borib bu uning ta­biatiga singadi. Mutaassiblik faqat diniy bo‘lmaydi. Irqiy, qabilaviy, siyosiy, tabaqaviy, fikriy, sport kabi turlari mavjud. Bu faqat islom diniga xos emas, afsuski, bu dunyodagi jamiyki dinlar orasida uchramoqda. Mutaassiblik ijtimoiy jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Mutaassiblik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. U jamiyat hosilasi. Buning oldini olish uchun aholi, ayniqsa, yoshlar orasida sog‘lom tafakkur, diniy immunitetni kuchaytirish juda muhim hisoblanadi.

Shuningdek, “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Jahongir Akramov yakunlanayotgan hafta davomidagi muhim siyosiy yangiliklar haqida batafsil ma’lumot berdi. 

Tadbir yakunida dars ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan tegishli javoblar oldilar.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish