32

Hashar – elga yarashar

Xalqimizning asrlar davomida saqlanib kelayotgan ezgu fazilatlardan biri hashar hisoblanadi. Uning zamirida Vatanni sevish, yurtni obod etish, farovon turmush barpo etishga intilish mujassam. Borliq uyg‘onib, bahor fasli kirib kelganida joylarda hasharlar o‘tkazish, hududlarni obodonlashtirish tadbirlarini amalga oshirish yaxshi an’anaga aylangan.

Yurtimizda Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlash, muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini davom ettirish maqsadida joriy yilning 16-18-mart kunlari “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham mazkur tadbir yuqori kayfiyat va uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Umumxalq xayriya hasharida Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talabalari faol ishtirok etdilar. Ular oliy ta’lim muassasasi hududida keng obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini olib bordilar. 

Hashar davomida ariqlar tozalanib, daraxtlar oqlandi. Gul ko‘chatlarining taglari yumshatildi. Chiqindilar belgilangan hududlarga olib chiqildi. Hashar elga yarashar, deydilar. O‘zaro hamjihatlik, inoqlik asosida tashkil etilgan xayrli tadbir natijasida Akademiya hududi, xizmat xonalari ozoda, shinam va obod holga keltirildi.

Shu bilan birga, Akademiya hududida joylashgan “Yunusxon”, “Shayx Hovandi Tohur” hamda “Qaldirg‘ochbiy” maqbaralari ham obodonlashtirilib, o‘tganlarning haqqiga Qur’on tilovat qilindi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish