22

Ramazon – turli illatlardan poklanish uchun benazir imkon

SHUKUH

Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohaga berilayotgan berilayotgan eʼtibor sohada koʻplab ijobiy oʻzgarishlarga sabab boʻlmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 7-martda qabul qilgan “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori hamda 2024-yil 11-mart sanasidagi  Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan tabrigi yuqoridagi soʻzlarning yorqin isbotidir. Qarorning ikkinchi bandida Ramazon oyini milliy qadriyat va anʼanalarga mos tarzda oʻtkazish belgilangan. Aynan mazkur goʻzal insoniy fazilatlar Qaror preambulasida, yaʼni muqaddima qismida sanab oʻtilgan: 

– inson qadrini ulugʻlash;

– muqaddas dinimizning insonparvarlik ruhi bilan yoʻgʻrilgan ezgu anʼanalarini munosib davom ettirish;

– buyuk alloma va aziz avliyolarimizning ibratli hayot yoʻli, noyob ilmiy merosini tadqiq etish;

– yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash;

– bilim va maʼrifat, maʼnaviy poklik, mehr-oqibat, xayr-u saxovat fazilatlari ulugʻlash; 

– oila va mahallalarda oʻzaro mehr-oqibatni mustahkamlash;

– yosh avlodimizni bilim-maʼrifat va goʻzal xulq sohiblari etib kamol toptirish;

– ehtiyojmand insonlarga koʻmak va yordam koʻrsatish.

Zero, ramazon oyi – goʻzal insoniy fazilatlarni yuksaltirish, asrlar davomida eʼzozlab kelinayotgan milliy qadriyalarimizni tiklash, asrash va rivojlantirish uchun bebaho fursat, har daqiqasi, har soniyasi gʻanimat lahzalar. 

Qarorda maʼnaviy poklik masalasiga eʼtibor qaratilgan. Maʼnaviy poklik – turli maʼnaviy qusurlardan qutilishni anglatadi. Ulugʻ bobolarimiz oʻgitlarida Ramazon iymonli inson uchun oʻziga xos tarbiya maktabi ekani taʼkidlangan. Ramazonga ruhiy poklanish madrasasi deya baho berganlar. Bu madrasaning dars xonasi – inson vujudi, oʻqituvchisi – bir oy tutiladigan roʻza ibodati, erishiladigan natija – yolgʻon, hasad, adovat, gʻiybat va oʻzgalar haqiga tajovuz kabi illatlardan poklanishdir. 

Afsuski, mana shunday ulugʻ kunlarda na din-u diyonatning, na urf-u siyosatning, na ilm-u maʼrifatning mohiyatiga yetmagan kishilar sodir etayotgan ayrim jinoyatlar haqidagi xabarlarni koʻrib yoqa ushlaysan. Ramazondek muborak oyda insonlar ezgulik, mehr-u muruvvat, oʻzaro lutf-u oqibat xislatlarni bilan mavjlanib turgan lahzalarda Allohdan qoʻrqmay, bandasidan uyalmay pora olishga jurʼat etayotgan kimsalar borligi kishini hayratlantiradi. 

Nahotki, ulugʻ bobolarimizdan meros qadriyatlarimizni anglamayapmiz? Turli xil gunohlardan nafsni qutqarishgan, u boshlaydigan jinoyatlarni yoʻlini toʻsishga, yomonliklardan tiyilishga zoʻr imkon paydo boʻlganida jinoyat yoʻliga qirish naqadar tuban va jirkanch holdir. Axir aziz xalqimiz 11 oy kutadigan tabarruk onlar bu! Har bir imonli inson orzu qiladidigan gʻanimat lahzalar bu! Ota-bobolarimiz duolarida mudom takrorlanadigan iltijo bu: “Ilohim, jumla moʻminni Ramazonga eson-omon yetkazgin!”. 

Yana har moʻmin va moʻminaning soʻnggi manzili boʻlgan qabriston xizmatlari uchun pora olishni qanday tushunish mumkin? 

Hadisi shariflarda alohida taʼkidlangan haqiqat: “Kim yolgʻon gapirishni va unga amal qilishni qoʻymasa, Alloh uning taomi va ichimligini tark etishiga muhtoj emas”. (Imom Buxoriy rivoyati). Roʻzaning faqat jismoniy shartlari bilan kifoyalanish, yaʼni tong otgandan kun botgunicha yeyish, ichish va oilaviy yaqinlikdan tiyilish roʻzaning toʻla mohiyatini oʻzida ifoda etmaydi. 

Ramazon – sabr oyi. Nafaqat, yeyish-ichishdan, balki turli gunoh ishlardan, jinoyat va huquqbuzarliklardan tiyilish, goʻzal sabr qilish orqali maʼnaviy poklik, insoniy barkamollikka intilish oyidir. 

Hazrat Umar: “Faqat yeyish va ichishdan tiyilish roʻza emas, balki yolgʻon, botil va behuda ishlardan tiyilish haqiqiy roʻzadir”, deya taʼkidlagan.Pora olish botil ishlardan ekani ayni haqiqat. Korrupsiya halollik kushandasi, davlatlar va xalqlar inqirozining omillaridan biri ekani shubhasizdir. Ramazon poraxoʻrlik illatidan qutulish uchun zoʻr imkoniyat, xayr va baraka oyidir.

Hazrat Alining roʻzador turli gunoh va jinoyatlardan tiyilishi haqida: “Taom va ichimlikdangina roʻza tutilmaydi. Lekin yolgʻon, botil va behuda gaplardan tutiladi” degan soʻzlarida koʻplab maʼnolar mujassam. Inson ushbu ulugʻ kunlarda yolgʻonchilik, hasadgoʻylik, gʻiybatchilik, poraxoʻrlik kabi gunoh va botil ishlardan tiyilsa, imoni halovat topadi, Halovat bor joyda osoyishtalik, osoyishtalik bor joyda fayz-u baraka boʻladi. 

Pora va korrupsiyaga oʻrgangan inson boyligi, mol-u davlati kamayib qolishidan xavotir olmasin. Zero, Ramazon pok imonli, sof vijdonli insonlarning rizqi koʻpayadigan, halol kasbiga fayz-u baraka yogʻiladigan, toʻkinlik va farovonlik oyidir. 

Bu asrlar davomida minglab hayotiy misollar bilan isbotlangan, ortiqcha izoh talab qilmaydigan haqiqatdir! 

Saidafzal SAIDJALOLOV,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini oʻrganish ICESCO” kafedrasi katta oʻqituvchisi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), Respublika “Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyati aʼzosi

Izoh qoldirish