22

Talabalar dardman bolajonlarga mehr ulashdilar

Ma’lumki, muqaddas dinimiz islom dinida mo‘min insonning eng ulug‘ fazilatlaridan biri xayr-saxovat ekani qayd etiladi. Zero, xayr va saxovat insonni ulug‘lab, har ikki dunyoda ham ajr-u savobga sazovor etadi.

Ayniqsa, inson qadri ulugʻlanayotgan yangi Oʻzbekistonda, oylarning sultoni – Muborak Ramazon oyida muhtoj, imkoniyati cheklangan, xasta, murgʻak bolajonlarning qalbiga oz boʻlsada, quvonch ulashish, ota-onalariga dalda boʻlish xalqimizning eng yuksak qadriyatlaridan hisoblanadi.

Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti dekani Sayyora Chiniyeva hamda fakultet talabalari Respublika Onkologiya markazida davolanayotgan bolajonlar holidan xabar oldilar.

Tashrif davomida bolajonlarga o‘yinchoqlar, kiyim-kechaklar, taglik, gigiyena vositalari, shirinlik va mevalar topshirildi.

Akademiya rektori bolajonlarga Allohdan shifo so‘rab, ularning ota-onalariga kuch-quvvat tiladi. 

O‘z navbatida Markaz shifokorlari va bolajonlarning ota-onalari mana shunday savobli ishlarni amalga oshirayotgan Akademiya rahbariyati va jamoasiga minnatdorchilik bildirishdi.

Aytish kerakki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangani bilan ahamiyatlidir. Buni bugungi amaliy saʼy-harakatlar misolida ham koʻrish mumkin.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish