30

Talqin, tafakkur va mohiyat

XXI asrni axborot texnologiyalari va jahon axborot tarmog‘isiz tasavvur qilish mushkul. Globallashuv davrida axborotlar oqimi bois, yoshlar keng bilimga ega bo‘lish barobarida tobora kuchayib borayotgan maʼnaviy tahdid va xatarlarga duch kelyapti. Ularni axborot xurujlaridan asrash esa eng asosiy vazifaga aylandi.   

Xabaringiz bor, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi doirasida “Radikallashuv va yot gʻoyalarga qarshi kurashish hamda axborot isteʼmoli madaniyatini shakllantirish” rukni ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. 

Bugun Islomshunoslik fakulteti hamda “Ziyo” media markazi hamkorligida “Talqin, tafakkur va mohiyat” mavzusida navbatdagi tadbir tashkil etildi.

Tadbirni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurov kirish soʻzi bilan ochib berdi. Akademiya rektori o‘z nutqida dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlar barchamizdan yoshlar tarbiyasiga yanada eʼtiborliroq bo‘lishni taqozo etayotganini, buning uchun, eng avvalo, taʼlim tizimida ular bilan muntazam targʼibot-tashviqot ishlarini olib borish zarurligini ta’kidladi.

Davra suhbatida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, AOKA xodimi Ma’murjon Otaqo‘ziyev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mtasi mutaxassisi Nodir Shomirzayev, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, “Ziyo” media markazi direktori Abduhamid Muxtorov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Shukrullo Jo‘rayev, fakultet dekani Jahongir Tohirov, soha mutaxassislari, ekspertlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda“Dunyoviylikni, Konstitutsiya va qonunlarga amal qilishni kufr, deb daʼvo qilayotganlarning asl maqsadlari nima?”, “Radikal toifalarning diniy ulamolarni masxara qilish va davlat xodimlarini obroʻsizlantirishdan asl maqsadlari nima?”, “Hozirgi kunda turli adashgan radikal toifalar “togʻut” tushunchasini diniy va siyosiy arboblarga nisbatan qoʻllab, bu bilan musulmonlarni rahbarlarga itoat qilishdan toʻsmoqdalar. Ularning bu daʼvosi toʻgʻrimi?”, “Islomni niqob qilib, oʻzlarining gʻarazli maqsadlarini islom nomidan amalga oshirayotgan radikal toifalar musulmonlarni gʻayridinlarga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlishga daʼvat qilmoqdalar. Ularning daʼvolari toʻgʻrimi?” kabi mavzulardagi dolzarb masalalar muhokama etildi.

Uchrashuvda taqdim etilgan soxta da’vatchilarning fikrlari aks etgan videolardagi so‘zlariga talabalar o‘zlarining raddiyalari, mulohazlarini bildirishdi. 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yoshlarning ma’naviy olamida bo‘shlik bo‘lmasligi uchun ularning qalbi va ongida sog‘lom hayot tarzi, milliy va umummilliy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg‘usini yoshlik paytidan boshlab shakllantirib borish zarurligini ta’kidlashdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish