39

Muftiy hazratlari Islomiy fiqh akademiyasi aʼzoligiga qabul qilindilar

Saudiya Arabistoni poytaxtida Islom olami uyushmasi tarkibidagi Islomiy fiqh akademiyasining 23-davra yigʻilishida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ushbu Kengash aʼzoligiga qabul qilinganlari eʼlon qilindi. 

Islomiy fiqh akademiyasi Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarini ushbu nufuzli akademiya aʼzoligiga qabul qilish haqida qaror qabul qildi.

Unda ishtirok etayotgan dunyoning yetakchi ulamolari Muftiy hazratlarini ushbu martaba bilan qutlab, Oʻzbekistondagi diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yuqori baholadilar.

Shu oʻrinda aytish oʻrinliki, oxirgi yillarda Diniy idoraning musulmon dunyosi bilan aloqalari rivojlanib, turli yoʻnalishlarda munosabatlar yoʻlga qoʻyildi. Ayniqsa, xalqaro tashkilotlar bilan amaliy hamkorlik oʻrnatildi, turli davlatlar diniy idoralari bilan memorandumlar imzolandi, xorijdagi ilmiy konferensiyalar, Qurʼon musobaqalari va koʻrgazmalarda vakillarimiz faol ishtirok etmoqda. 

Taʼkidlash kerakki, shu paytga qadar ham Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Xalqaro musulmon ulamolari kengashi va Musulmon donishmandlar kengashi aʼzosi sifatida nufuzli tadbirlardagi tashabbuslari musulmon dunyosi tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Shuningdek, dolzarb mavzudagi chiqishlari Misr Arab Respublikasi, Qatar, Rossiya va MDHdagi bir qator davlatlarning minglab kuzatuvchilarga ega boʻlgan sayt va ijtimoiy tarmoqlar, gazeta-jurnallarda arab, ingliz va rus tillarida nashr etildi.

Oʻzbekiston vakilining mazkur kengashga qabul qilingani yurtimizda davlatimiz Rahbari rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarning yuksak eʼtirofi boʻldi.

Muftiy hazratlari oʻz navbatida tashkilot rahbariyati va aʼzo ulamolarga bildirilgan ishonch uchun samimiy tashakkur aytdilar. Shuningdek, mushtarak maqsadlar boʻlmish Islom dini, musulmon ummatiga xizmat qilish, Islom fiqhining eʼtirof etilgan manbalaridan butun dunyo musulmonlari duch kelayotgan zamonaviy muammolarga yechim topish, musulmonlar oldida turgan masalalarni hal qilishda munosib ishtirok etish, Islom fiqhiy merosini targʻib qilish va bu sohadagi ilmiy tadqiqotlarni ragʻbatlantirish borasida bor bilim-tajriba hamda imkoniyatlarini safarbar etishlarini maʼlum qildilar. 

Shu bilan birga, nufuzli Kengashga aʼzolik sharaf boʻlish bilan birga katta masʼuliyat ekanini soʻzladilar.

Alohida qayd etish joizki, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining ushbu ilmiy tashkilotga aʼzo boʻlishlari Alloh taoloning fazli hamda yordami ila 35 yildan ziyod vaqt mobaynida Islom dini maʼrifatini keng yoyish va moʻmin-musulmonlar ehtiyojini taʼminlashdagi fidokorona mehnatlari samarasidir.

Izoh qoldirish