Akademiya Kengashining navbatdagi majlisi o‘tkazildi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari ishtirok etishdi.
Kengash majlisini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Uyg‘un G‘afurov olib bordi.
Ma’lumki, muntazam tarzda o‘tkaziladigan Akademiya Kengashi yig‘ilishida muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, yechimini kutayotgan holatlar bartaraf etiladi hamda kelgusi vazifalar belgilab olinadi.
Akademiya rektori, Kengash raisi Uyg‘un G‘afurov majlisni ochib berarkan, o‘tgan o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish muhim ekanini qayd etdi.
Dastlab Akademiyaning bir guruh professor-o‘qituvchilariga ilmiy darajalari berilgan diplomlar topshirildi.
Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Qahhorova Munira Maxamadjonova siyosiy fanlar doktori;
“Chet tillari” kafedrasi mudiri Shamsematova Barno Rixsivayevna “Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik” ixtisosligi bo‘yicha dotsent;
“Chet tillari” kafedrasi dotsenti Akbarova Shaxnoza Xikmatullayevna “Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi bo‘yicha dotsent;
“Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi dotsenti Abdullayeva Mohira Zaxidjanovna “Dinshunoslik” ixtisosligi bo‘yicha dotsent;
“Chet tillari” kafedrasi dotsenti Muminova Dilshodaxon Abduvaxitovna “Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik” ixtisosligi bo‘yicha dotsent ilmiy darajalari topshirildi.
Shundan so‘ng Akademiyada ijro intizomini ta’minlash to‘g‘risida Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring sektori bosh mutaxassisi Jaloliddin Bo‘riyevning hisoboti tinglandi.
Akademiya Kengashining 2023-2024 o‘quv yilidagi faoliyati natijalari hamda Kengash qarorlarining ijrosi to‘g‘risida Kengash kotibi Aziza Turg‘unova ma’lumot berdi.
Kengash majlisida Akademiyada 2023-2024 o‘quv yili natijalari to‘g‘risida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Bosh auditor N.Turmankulov hisobot berdi.
Akademiya pedagog-xodimlar faoliyatini baholash yuzasidan (110 ballik tizim, SHIR asosida) 2023-2024 o‘quv yili natijalari to‘g‘risida Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Ilhom Berdiyarov hamda fakultet dekanlarining hisoboti eshitildi.
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi OAKga ilmiy unvon olish uchun tavsiya etish toʻgʻrisida hamda Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan monografiyalarni nashrga tavsiya etish to‘g‘risida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomovning ma’lumoti tinglandi.
O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’limi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengashga taqdim etish uchun tavsiya etish xususida so‘z yuritdi.
Majlisda mas’ullar tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari mustaqil ta’limini tashkil etish bo‘yicha tartibini tasdiqlash, tanlov muddati tugagan pedagog-o‘qituvchilar lavozimlariga tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi hisobotlari eshitildi.
Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi.
Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish