14

Oʻzbekiston yoshlariga bayram tabrigi

Assalom-u alaykum, qadrli yoshlar!

Aziz talabalar, oʻgʻil-qizlarimiz!

Sizlarni 30-iyun – Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman! Sizlarga sihat-salomatlik, totli umr, oʻqish va mehnat faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman!

Yangi Oʻzbekistonimizning aziz yoshlari! 

Butun dunyo yoshlari sizlarga havas bilan qarashi maʼlum. Chunki Siz mustaqil Oʻzbekistonning ozod, erkin, oʻz qadr-qimmatini bilgan, bilimli, milliy qadriyatlarimizga sodiq farzandlarisiz!

Dunyo hamjamiyatiga sir emas, siz davlatimizda yosh avlodning sifatli bepul taʼlim olishi, boʻsh vaqtini sport, madaniyat, sanʼat, kitobxonlik bilan mazmunli oʻtkazishi uchun yaratib berilayotgan keng koʻlamli sharoitlar davrida emin-erkin yashamoqdasiz! Davlatimiz tomonidan yaratilayogan mana shu imkoniyatlardan foydalanib, butun dunyoga oʻz bilimingiz, salohiyatingizni namoyish etayotganligingiz ham quvonarlidir. 

Har bir davlatning kuch-qudrati barkamol avlodning taʼlim-tarbiyasi va maʼrifatiga bogʻliq. Teran bilimli, mustaqil fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalash davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan yurtda esa, taraqqiyot boʻladi. Zotan, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, “yoshlarimiz kelajagiga qanot boʻlmoq hammamizning vazifamizdir”.

Hazrat Imom Buxoriyning “Ilmdan oʻzga najot yoʻq va boʻlmagʻay” degan donishmand hikmatlarida har birimizga maʼrifat va bilimning hayotimizdagi yuksak oʻrni bejiz koʻrsatilgan emas!

Soʻnggi yillarda dunyoda oʻtkazilayotgan tanlovlar, sport musobaqalari, ilmiy anjumanlarda oʻzbek yoshlari qoʻlga kiritayotgan sovrinlar, medallar, yorliqlar tobora ortib borayotgani hammamizni shod etmoqda! Biz bundan juda xursandmiz va doimo sizlar bilan faxrlanib yuramiz! Sizlar erishgan bu yutuqlar – bu xalqimiz, Vatanimiz yutuqlaridir.

Qadrli talaba-yoshlar! 

Qayd etish joizki, yurtimizda oʻtgan davr mobaynida yoshlar bilan ishlash masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Bu masala boʻyicha yurtimizda juda koʻp amaliy ishlar olib borildi. Jumladan, ishsiz yurgan yoshlarimiz ish bilan taʼminlandi, iqtidorli yigit-qizlar davlat ishlariga jalb etildi. Yashash sharoiti ogʻir boʻlgan talabalarga oʻqish faoliyatlarini davom ettirishlari uchun davlat taʼlim grantlari berildi, juda koʻp talabalarning kontrakt pullari toʻlab berildi. Quvonarlisi, magistraturaga kirgan barcha qizlarimizning oʻqish pullari davlat tomonidan toʻliq qoplandi. Taʼlimda yuqori natijalarga erishgan talabalarga Prezident stipendiyalari va boshqa turdagi nomdor stipendiyalar berildi. Bularning hammasi davlatimizning yoshlarga koʻrsatayotgan gʻamxoʻrligidan dalolatdir.

Aziz yoshlar! 

Siz yurtimiz kelajagi, uning gullab-yashnashini taʼminlaydigan kelajak bunyodkorlarisiz! Siz davlatimiz buyuk kelajagini yaratishingizga ishonamiz va bu yoʻlda doimo sizlarni qoʻllab-quvvatlaymiz.

Yurtimizning, xalqimizning sizlardan umidi katta! Ishonamizki, siz davlatimiz shaʼnini doimo koʻklarga koʻtarasiz, uning gullab-yashnashi uchun bor imkoniyatlaringizni ishga solasiz! Chunki sizlar Amur Temur, Mirzo Ulugʻbek, Navoiy, Bobur avlodlarisiz!

Oʻz oldingizga qoʻygan ulugʻ maqsadlar asosida oʻqish, mehnat qilishdan aslo charchamang! 

Barchangizga Yoshlar kuni bayrami muborak boʻlsin, aziz yoshlar!

 

Uyg‘un G‘afurov,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Izoh qoldirish