6

“COREIS” vitse-prezidenti: O‘zbekiston – jahon sivilizatsiyasiga hissa qo‘shgan buyuk olimlar yurti

Bugun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga Italiyaning “COREIS” tashkiloti vitse-prezidenti Yahyo Serxio Pallavichi boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Tashrif munosabati bilan Akademiya rahbariyati va mehmonlar oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda Akademiya rektori Uyg‘un Gʻafurov, prorektor Zohidjon Islomov, rektor maslahatchisi Oʻtkir Hasanboyev, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov hamda Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xoʻjayev ishtirok etdi.

Italiyada 2,5 millionga yaqin musulmon boʻlib, ulardan 2 millionini migrantlar tashkil etadi. Italiyaning “COREIS” tashkiloti millati va kelib chiqishidan qatʼiy nazar barcha musulmonlarni qoʻllab-quvvatlaydi.

Suhbat avvalida Uyg‘un Gʻafurov mehmonlarni Akademiyaga tashrifi bilan qutlab, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar qisqa muddatda oʻzining samarasini koʻrsatayotganini aytib oʻtdi. Aynan Prezident tashabbusi bilan Akademiyaning tashkil etilishi tarixi, ilmiy faoliyati, taʼlim yoʻnalishlari, maqsad va vazifalari hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi. 

Shuningdek, Akademiya Respublika oliy taʼlim muassasalari milliy reytingida oʻtgan yilgi natijalar boʻyicha 2-oʻrin va oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining ilmiy salohiyati boʻyicha 1-oʻrinni qayd etganini bildirdi. 

Oʻz navbatida, Yahyo Serxio Pallavichini samimiy qabul uchun Akademiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, COREIS va uning faoliyati haqida batafsil maʼlumot berdi. 

Shuningdek, ushbu tashrif Oʻzbekistonning Rimdagi elchixonasi koʻmagida amalga oshirilgani taʼkidlab, safar davomida mamlakatning qadimgi maskanlari, xususan, Samarqand, Buxoro kabi tarixiy shaharlarida boʻlganini bildirdi. 

Oʻzbekiston azaldan buyuk allomalar, mutafakkirlar yurti boʻlib kelgani, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Zamaxshariy, Farobiy, Mirzo Ulugʻbek nomlari tarixda oʻchmas iz qoldirganini bildirib oʻtdi. 

Akademiyaga tashrif oldidan Oʻzbekiston musulmonlar idorasiga borilgani hamda idora bilan ikki tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida kelishuv shartnomasi imzolanganini maʼlum qildi. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish istagi mavjudligini bildirib, hamkorlikda “Tinchlik va bagʻrikenglik”, “Tinchlik va ezgulik” mavzularida dinlararo muloqotga qaratilgan qoʻshma konferensiyalar va ilmiy loyihalar tashkil etishni taklif etdi.

Uchrashuv yakunida delegatsiya a'zolari koʻrsatilgan yuqori darajadagi qabul uchun minnatdorlik bildirdi.

Izoh qoldirish