16

Akademiyada yangi o‘quv boshlanishi oldidan muhim masalalar muhokama etildi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida yangi 2024/2025-o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan Akademiya rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 21-avgustdagi buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan seminar-treninglar doirasida o‘tkazilgan mazkur muloqotda muassasa zimmasida turgan muhim masalalar, istiqboldagi rejalar haqida so‘z bordi.

Uchrashuv davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan o‘quv, ilmiy sohadagi xorijiy va zamonaviy tajribalar bilan yaqindan tanishish, yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish kerakligi qayd etildi. 

Bugungi muloqot o‘tgan o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etishda muhim ekani ta’kidlandi.

Professor-o‘qituvchilarning ish rejalari, oliy ta’lim muassasalarida barcha me’yoriy hujjatlar tasdiqlanishi va o‘quv jarayoniga tatbiq etilishi bo‘yicha fikr yuritildi. 

Respublika va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ilmiy to‘plamlar chop etish, fan nomzodlari va doktorlarining ilmiy ishlarini tezlashtirish kerakligi, iqtidorli talabalar bilan ishlashda yangicha metodlar zarurligi, bu borada tyutorlar tomonidan har bir talabaga alohida yondashish kerakligi qayd etildi. 

Shuningdek, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev tomonidan talabalarning ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini oshirish borasidagi takliflari tinglandi. Buning uchun, eng avvalo, o‘qituvchining o‘zi yoshlarga namuna va o‘rnak bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi. 

Uchrashuv yakunida muassasa zimmasidagi muhim vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish