Akademiyaga nodir kitoblar to‘plami hadya qilindi
Yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida “Uchinchi rRenessans” davriga qadam qo‘yilar ekan, bu davrning poydevorini har tomonlama bilimli, salohiyatli yoshlar tashkil etadi. Shu bois, “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida islom dinining asl mohiyatini keng yoritish orqali mutafakkir allomalarning boy maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va yoshlarning ong-u tafakkurini rivojlantirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Bugun ana shu ezgu maqsad yo‘lida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Islom ensiklopediyasi” boʻlimiga islom diniga doir qimmatli manbalarni o‘zida aks ettirgan nodir kitoblar to‘plami topshirildi.
Jumladan, Salohuddin as-Safadiyning 24 juzlik “al-Vofiy bil-vafayot”, Ibn Asokirning 37 juzlik “Tarix madina Dimashq” asari, Shamsuddin az-Zahabiyning 53 juzlik “Tarix al-islom” asari hamda Shamsuddin az-Zahabiyning 30 juzlik “Siyar a’lom an-nubalo” asari homiylik va xayriya mablag‘lari evaziga hadya qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov hamda Akademiya professori, akademik Nurislom To‘xliyev soʻzga chiqib, mazkur nodir kitoblar islom ilmlari yanada chuqurroq oʻrganish imkoniyatini taqdim etishini bildirdilar.
Maʼlumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan “Islom ensiklopediyasi”ning birinchi tomi nashrdan chiqdi. “Islom ensiklopediyasi” bugungi kungacha butun ajdodlarimiz tomonidan yigʻilgan islom olami bilan bogʻliq ilmiy-maʼrifiy, maʼnaviy meros sanaladi. Keng qamrovli, akademik nashrda dinimiz ravnaqiga hissa qoʻshgan buyuk shaxslarning ilmiy faoliyati, islom dini asoslari, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, sahoba va tobeinlar, muhaddis, faqih, mufassirlar haqida 1000 ga yaqin maqola, atama va soʻz birikmalari, bezak materiallari, xarita hamda chizmalar oʻrin oladi.
Mazkur kitoblar “Uchinchi Renessans” uchun katta poydevor, muhim manba boʻlib xizmat qilishi shubhasiz. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari, tadqiqotchilari va ustozlari uchun mazkur nodir kitoblar qulluq boʻlsin!
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish