8

Biz yurtimiz taqdiri va kelajagiga befarq emasmiz

Xabaringiz bor, bugun, 27-oktabr sanasida mamlakatimiz va xalqimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim siyosiy voqelik – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘lib o‘tdi.

Jumladan, “Ziyo-zukko” nodavlat ta’lim muassasasida joylashgan 359-saylov uchastkasida ovoz berish jarayonlari o‘tkazildi.

Dastavval O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Shundan so‘ng uchastka raisi va a’zolari, kuzatuvchilar ishtirokida saylov kunidagi tartib-qoidalar tushuntirildi.

Ta’kidlash joiz, mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy tadbirda ovoz berish Saylov kodeksida belgilangan talablar asosida amalga oshirilmoqda. 359-saylov uchastkasida saylovchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. 

Mazkur siyosiy tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talabalari ham faol ishtirok etdi.

Shuningdek, saylov jarayonini kuzatish uchun xalqaro kuzatuvchilar tashrif buyurdi. 

Xususan, Islom hamkorlik tashkiloti vakillari – Ashvag al-Maliki, Namig Huseynov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar instituti direktori Yerkin Tukumov, Janubiy Koreyaning “Diplomatiya” jurnali bosh muharriri Jon Yong Li, O‘mon Sultonligining “Roya” gazetasi muxbiri Ibrohim Salim al-Hadiy, turkiyalik kuzatuvchilar Akkan Suvek, Sezgin Bilgich va O‘zgur Jengin tashrif buyurdi.

Xalqaro kuzatuvchilarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov kutib oldi. Akademiya rektori mehmonlarni yurtimizda ko‘rib turganidan mamnun ekanini bildirdi.

Xalqaro kuzatuvchilar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi xalqimiz tomonidan ko‘tarinki kayfiyat va uyushqoqlik bilan o‘tkazilayotganini ta’kidladi. 

O‘z navbatida 359-saylov uchastkasida saylovchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, saylov tadbirlari yuqori saviyada tashkil etilayotganini e’tirof etishdi.

Xalqaro kuzatuvchilar uchun Akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Shayx Xovandi Tohur hamda To‘labiy (Qaldirg‘ochbiy) maqbaralariga ziyorat tashkil etildi.

Mehmonlar “Manbalar xazinasi” bo‘limida ham bo‘lib, u yerda saqlanayotgan islom diniga oid nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlar, “Usmon Mus’hafi” hamda “Langar Qur’oni”ning nusxalari bilan tanishdilar.

Saylov davomida Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlari o‘zlari munosib deb bilgan nomzodlarga ovoz berdilar.

Shundan so‘ng Akademiya hovlisida turli sport o‘yinlari, bayram tadbirlari tashkil etildi. Talabalar sport bahslarida bellashdi.  

Bu yilgi saylov tizimi aralash tartibda boʻlib, parlamentning yarim qismi majoritar, qolgani esa proporsional tizim asosida saylanadi. Bunda 75 deputat bevosita saylovchilar tomonidan nomzodlar orasidan tanlansa, qolgan 75 nafari partiyalar roʻyxati orqali saylanadi. Bu yondashuv demokratik tizimni yanada kengaytirib, saylovchilarga ikki xil – individual nomzod va partiyaviy tanlov imkoniyatini yaratdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish