31

Farzandlar tarbiyasiga har birimiz mas’ulmiz

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Aholi orasida noqonuniy diniy faoliyatga doir huquqbuzarlik holatlari: sabablar va yechimlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Mazkur dars Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda xodimlarining dunyoqarashini yanada kengaytirish, siyosiy bilimlarini oshirish maqsadida tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektorlari – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, Zokirjon Ro‘ziyev, professor-o‘qituvchilari hamda xodimlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi dotsenti Muxtor Nazirov tomonidan hafta davomidagi xalqaro va milliy siyosiy makondagi voqealar dayjesti haqida ma’lumot berildi.

27-oktabr sanasida mamlakatimiz va xalqimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim siyosiy voqelik – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘lib o‘tgani, mazkur saylov jarayoni yuqori kayfiyat va xalqaro darajalarda o‘tgani e’tirof etildi.

Shuningdek, 31-oktabr-1-noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Navoiy viloyatiga tashrifi, mazkur safarning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi. 

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Terrorizmga qarshi kurashish xizmat mas’ul xodimi Farrux Elmirzayev mavzu yuzasidan ma’ruza qildi.

Tadbirda ma’ruzachi tomonidan noqonuniy diniy faoliyatning salbiy oqibatlari, mazkur jarayon bilan shug‘ullanayotgan shaxslar, ekstremistik guruhlar, ularning asl maqsadlari haqida ma’lumot berildi.

Shu bilan birga, professional diniy maʼlumotga ega bo‘lmagan holda o‘zboshimchalik bilan shaxsiy diniy tushunchalarini boshqalarga “pul evaziga sotishni kasb” qilib olgan qator fuqarolarning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yilishi zarurligi, hali dunyoqarashi to‘liq shakllanmagan yoshlarning “diniy ta’lim berish” niqobi ostida xorijdagi turli ekstremistik guruhlarning domiga tushib qolayotgani qayd etildi.

Buning oldini olish maqsadida joylarda targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish, aholi, ayniqsa, yoshlarga noqonuniy diniy faoliyatning salbiy oqibatlari haqida ma’lumot berish zarurligi bildirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish