354

O‘zaro hamkorlik taraqqiyotga yetaklaydi

Jamiyat taraqqiyoti, millat farovonligi hamisha yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi, zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan yangi kadrlar, ularning yuksak malakasi bilan bog‘liq bo‘lib kelgan. Shu boisdan ham so‘nggi yillarda yurtimizda yosh avlodni tarbiyalash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Ayniqsa, bu borada oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida uzviy hamkorlik qilish, talabalar o‘rtasida do‘stona, sog‘lom raqobatga asoslangan muhitni shakllantirish muhim. Shu bois O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ayol o‘qituvchi-xodimlari hamda talabalarini ma’naviy rag‘batlantirish, yurtimizda ichki turizmni rivojlantirish maqsadida joriy yilning 23-24 yanvar kunlari Samarqand shahriga sayohati tashkil etildi.

Dastlab O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bir guruh talaba-qizlari, ayol o‘qituvchi-xodimlari Samarqand davlat chet tillar institutida bo‘lishdi. Bu yerda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, o‘quv dasturlari bilan yaqindan tanishib chiqildi. Davra suhbatida har ikki oliy ta’lim muassasasi talabalari o‘zaro fikr almashdilar.

Tadbir davomida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalarining xorijiy tillarni o‘rganishda Samarqand davlat chet tillar instituti talabalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, yoshlar faolligini yuksaltirish, ularning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi jarayonlarda faol ishtirok etishi, daxldorlik hissini oshirish, hamkorlik, do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, barcha sohalarda o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan taklif hamda fikr-mulohazalari bildirildi.

O‘zaro muloqot mobaynida talabalar kelgusida talaba-qizlar o‘rtasida Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida respublika miqyosida “Hozirgi zamon ayoli” deb nomlangan qizlar forumini o‘tkazishga kelishib olishdi.

Tadbirlardan so‘ng talaba-yoshlar ko‘hna kentning muazzam maskani – Registon maydoniga yo‘l oldilar. Ma’lumki yurtimiz o‘zining boy tarixi, madaniyati, jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan olim-u, allomalari, beqiyos madaniy meros obyektlari, qadimiy me’morchilik, hunarmandchilik san’ati yo‘nalishida ham yuksak salohiyatga ega mintaqa hisoblanadi. Shu bois, talaba-yoshlar uchun ro‘yi zaminning sayqali bo‘lgan Samarqand shahrining tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolariga sayohati tashkil etildi. “Hadis ilmining sultoni” Imom al-Buxoriy sharafiga atab bunyod etilgan yodgorlik majmui, “Shohi Zinda” me’moriy obidasi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasi, Bibixonim maqbarasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, “Afrosiyob” –  Samarqand shahar tarixi muzeyiga o‘tkazilgan sayohat yoshlarda katta taassurot uyg‘otdi.

Muxtasar aytganda, mazkur safar nafaqat O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari uchun, balki Samarqand davlat chet tillar institutida tahsil olayotgan yoshlar, ularning ustozlari uchun ham mazmunli va foydali bo‘ldi. Zero, ertamiz egalarining do‘stona hamkorligi ta’lim rivoji uchun xizmat qilib, yurtimizni yanada yuksak marralar sari odimlashiga undashi shubhasiz.

Laylo Saidova,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi xodimi

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
19
Yoshlar bilan ishlash
Odob-axloq – inson ziynati
22:49
Apr
19

Izoh qoldirish