45

Mehr va fidoyilik timsoli – muqaddas ayol

Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan. Ayol bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir. 

Ayol – nafosat va goʻzallik timsoli. Uning mehridan ko‘ngillar orom oladi, xotirjamlik his qiladi. Ayol millat kelajagi, hayot davomchisi sanaladi. Xotin-qizlari e’zozlangan, qadrlangan yurtning buguni va ertasi farovon bo‘ladi. Ular bilan jamiyat to‘laqonli rivojlanadi, taraqqiy etadi. Shuning uchun ham yurtimizda xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor, shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ayni paytda respublikamiz bo‘ylab 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbirlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham “Mehr va fidoyilik timsoli – muqaddas ayol” mavzusida bayram tadbiri o‘tkazildi. 

Tantanali marosimda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Matluba Qahhorova, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Oʻzbekiston xalq shoiri, Akademiya Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev, professor-o‘qituvchilar, litsey va maktab professor-oʻqituvchilari, xodimlar, talabalar hamda mehmonlar ishtirok etdilar.

Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Akademiya rektori yurtimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash borasida davlat ahamiyatiga molik ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Xususan, joriy yilning 14-fevral kuni davlatimiz rahbari yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotlarida quyidagi fikrni bildirgan edilar:

“Men bir hayotiy fikrni takrorlashdan charchamayman: bitta qizni o‘qitsak, butun oilani o‘qitgan bo‘lamiz. Oila bilimli, ma’rifatli bo‘lsa, butun jamiyat bilimli, ma’rifatli bo‘ladi. Bu boradagi ishlarni yanada jadal davom ettiramiz”.

Prezidentimizning bu so‘zlarini chuqur mushohada qilsak, mazkur fikrlar bugungi kunimiz uchun nihoyatda dolzarb ekanini ko‘ramiz. 

Akademiya rektori har bir taʼlim olayotgan talaba-qizlar kelgusida nafaqat oilasi, balki jamiyatning maʼnaviy muhitini sogʻlomlashtirishda soha mutaxassisi sifatida xizmat qilishiga ishonch bildirishini taʼkidladi. O‘z bilimi, odob-axloqi bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘layotgan, turli yutuqlarga erishayotgan talaba-qizlarni alohida e’tirof etdi. 

Darhaqiqat, ayol, onani e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish asrlar davomida shakllangan an’ana-qadriyatlarimizdan biridir. Bugungi kunda Akademiyada 144 nafar ayol faoliyat koʻrsatmoqda. Ular ham oila ham davlat va jamoat ishlarini bir maromda yuritishga erishmoqda. Talabalarning teng yarmi, yaʼni 1224 nafarini qizlar tashkil etadi. Akademiyadagi har bir xotin-qizlar uchun munosib shart-sharoit yaratib berilgan boʻlib, bugun namunali xulqi, yoshlar tarbiyasida fidoyiligi hamda ilmiy salohiyati bilan oʻrnak boʻlayotgan xotin-qizlar bayram munosabati bilan taqdirlandilar.

Marosimda Akademiya, akademik litsey va maktabning bir guruh faol ayol xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, o‘zining tashabbuskorligi, o‘qish va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bir guruh talaba-qizlarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi. 

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan marosimda O‘zbekiston xalq artisti Abdulahad Abdurashidov hamda O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti maqom ansambli, O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti dotsenti, xonanda Mahfuza Karimovaning chiqishlari bilan barchani xushnud etdilar. 

Shuningdek, tadbirga tashrif buyurgan yurtimizning taniqli sanʼatkorlari kuy-qoʻshiqlari bilan barchaga koʻtarinki ruh berdi. Akademiya ijodkor talabalarining sheʼriy chiqishlari, “Hamid Olimjon va Zulfiya muhabbati” sahna ko‘rinishi, “Ziyo-zukko” ta’lim muassasasi o‘quvchilari ijrosida yangragan raqs va qo‘shiqlar, talabalar ijrosidagi hazillarga boy bo‘lgan sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. 

Muxtasar aytganda, oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimizning buyuk ma’naviyati va qadriyatdan darak beradi. Bayram tadbirida ana shunday ezgu tuyg‘ular namoyon bo‘ldi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish