
Yer sharini asraylik!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, respublikamizda 20-mart sanasi – Yer kuni sifatida nishonlanadi.
Mazkur sana mamlakatimiz aholisi orasida ekologik ong va ekologik madaniyat to‘g‘risidagi tushunchalarni mustahkamlash va rivojlantirish, respublikada suv, yer resurslari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish, yashil qoplamalar – himoya o‘rmonzorlarini barpo etishni izchil davom ettirish hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tizimli rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy 2025-yil – “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingani ham bejiz emas. Zero, Ona tabiat resurslaridan oqilona foydalanish, ularni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, odamzod va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlash dolzarb masalaga aylanmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Talabalar turar joyida “Yer sharini asraylik!” shiori ostida tadbir tashkil etildi.
Unda Talabalar turar joyi mudirasi Muhabbat Tojiyeva, tarbiyachi-pedagog Z.Bekchanova va talaba-yoshlar bino hovlisiga gul ko‘chatlarini ekdilar.
Talabalar mazkur tadbir davomida tabiatga ozor bermaslik, uning boyliklaridan va ne’matlaridan oqilona foydalanish kerakligi haqidagi tushunchaga ega bo‘ldilar.




Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030 strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil bajarish maqsadida qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Ayniqsa, joriy yil mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb nomlanishi zamirida ham ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda yashil texnologiyalarni keng joriy etish maqsadlari mujassam.
Shu maqsadda bugun Jizzax shahridagi Jizzax politexnika institutida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining navbatdagi Hayʼat yigʻilishi oʻtkazildi.
Yig‘ilishdan so‘ng institut hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Ziyolilar bogʻi”da “Bu bog‘lar bir bog‘lar bo‘ladi…” shiori ostida koʻchat ekish marafoniga start berildi.
Mazkur tadbirga yurtimiz oliy taʼlim muassasalari ZOOM platformasi orqali onlayn ulanib, bir vaqtda har bir oliy taʼlim dargohi oʻz hududiga daraxt koʻchatlarini oʻtqazdilar.
Jumladan, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida mazkur xayrli tadbir yuqori kayfiyat va uyushqoqlik bilan tashkil etildi.
Ayniqsa, mazkur tadbirlar Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlash, muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari bilan hamohang kechgani yanada ahamiyatga molik.
Akademiya hududida joylashgan ziyoratgohlar – Shayx Hovandi Tohur, To‘labiy yodgorligi yer maydoniga 100 ga yaqin daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasasi hududida keng obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini olib bordilar.
“Yaxshidan bog‘ qoladi”, deydi dono xalqimiz. Bugun ozod va obod yurtimiz yanada chiroy ochib borayotgan bir paytda undagi yangilanishlar, bunyodkorliklarni ko‘rib, beixtiyor har bir kishining ko‘zi quvnaydi, qalbi orom oladi. Chunki ona tabiatga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbat, uni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash, e’zozlash inson bolasining go‘daklik paytidanoq unga uqtirilishi kerak. Uning ong-u tafakkurida o‘zi yashayotgan, buyuk ajdodlaridan qolgan ozod va obod Vatanni munavvar aylash, ko‘rkiga ko‘rk, chiroyiga chiroy qo‘shish birinchi galdagi vazifa bo‘lib turishi lozim.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Ayni damda Jizzax shahridagi Jizzax politexnika institutida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Ziyolilar bogʻi”da “Bu bog‘lar bir bog‘lar bo‘ladi…” shiori ostida koʻchat ekish marafoniga start berildi.
Unda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda tizim tashkilotlari mutasaddilari, barcha oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlari, vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari qatorida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov ham ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etdi.
Tadbirlar davom etmoqda.
2025-yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili
O‘zbekiston barqarorlikning global maqsadlariga moslashish borasida muhim chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Konstitutsiyamizda ekologik huquqlarga, fuqarolarning nafaqat qulay atrof-muhit, balki uning holati to‘g‘risida ishonchli ma’lumot olish huquqiga ega bo‘lishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Bu maqsadda doimiy ravishda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholi salomatligini saqlash sohasida qator muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi, 2019-2030-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi, O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyalari sohani rivojlantirishda asosiy dasturilamal bo‘lib, global iqlim o‘zgarishlarining oldini olishda katta ahamiyatga ega.
Abduvali Isajonov,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori,
iqtisodiyot fanlari doktori
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2025-yil 12-yanvar, 8-son
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, akademik Nurislom To‘xliyev bilan suhbat
– Hurmatli Nurislom aka, davlatimiz rahbarining tashabbusiga binoan 2025-yil mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi. Yil nomida o‘z aksini topgan ikki katta muammo yechimiga qaratilgan davlat dasturi loyihasi ham jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Dastavval, ana shu ikki tushuncha mohiyatiga to‘xtalib o‘tsangiz.
– Bu yilga bunday nom berilishi teran ramziy ma’noga, ayni chog‘da, katta amaliy ahamiyatga ega. Darhaqiqat, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash insoniyat uchun hayot-mamot ahamiyatiga molik masalaga aylangan bugungi davrda an’anaviy iqtisodiyotning zamonaviy muqobili sifatida “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish lozim bo‘ladi.
Xayrli ishning kechi yo‘q, deydilar. Biz bunday xulosaga kechikibroq bo‘lsa-da kelganimiz ayni muddao bo‘ldi. Barchamiz ko‘rib, guvoh bo‘lib turibmizki, atrof-muhit ifloslanishi allaqachon milliy doiradan chiqib umuminsoniy muammoga aylandi. Mashhur naqlda aytilgandek, “Amazon o‘rmonlarida jajji kapalakning bir qanot qoqishi AQShda bo‘ronga sabab bo‘lishi mumkin”. Chindan ham, iqlim o‘zgarishi, ozon qatlami siyraklashuvi kabi muammolar bugun nafaqat bir mintaqa, balki butun dunyo xalqlariga tahdid tug‘dirmoqda. Nima deysiz endi, bobo quyoshning nurlaridan barchamiz bab-baravar bahramand bo‘lganimiz kabi atrof-muhit ifloslanishi oqibatida yuzaga keladigan salbiy asoratlardan ham bu tun insoniyat ulush olishga majbur-da!
Bunday fojiaviy holatlarga o‘rganib, befarq bo‘lib qolayotganimiz ayniqsa achi narlidir. Nazarimda, hozir insoniyatning istiqboliga soya solayotgan eng katta tahdid bu – ekologik muammolar. Negaki, urushlar, ziddiyatlar, muhorabalarni odamzod sog‘lom tafakkurga quloq tutib, o‘zaro kelishib hal etishi mumkin. Ammo bashariyat ekologik muammolarga bugun jiddiy e’tibor qaratmasa, ertaga vaziyat butkul nazoratdan chiqib ketishi tayin. O‘tgan asrning oxirlarida shakllangan va mutaraqqiy dunyo kun tartibidan muqim o‘rin egallagan “yashil” iqtisodiyot konsepsiyasi ham aynan atrof-muhitni asrab-avaylash, inson iqtisodiy faoliyatining uni o‘rab turgan makonga salbiy ta’sirini kamaytirishga qa ratilgandir. Ya’ni endilikda iqtisodiyotda asrlar mobaynida hukm surib kelgan “Manfaat – birlamchi” degan qoidadan, xalqona aytganda, “Taka bo‘lsin-u sut bersin” qabilidagi yondashuvlardan voz kechilmoqda. Iqtisodiy o‘sishga har qanday yo‘l bilan emas, balki atrof-muhitga zararni imkon qadar kamaytirish orqali erishish g‘oyasi ilgari surilmoqda.
Olimjon Davlatov suhbatlashdi.
Manba: “Jadid” gazetasi 31-yanvar 2025-yil, 5-son
Izoh qoldirish