1

Talabalarga media savodxonlik borasida amaliy ko‘nikmalar berildi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Media ta’lim va tanqidiy fikrlash asoslari” binar darsi doirasida “Milliy mediadan olingan keyslar (taqdimot, aqliy hujum)” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. 

Unda “Yangi Media ta’lim” NNT direktori, filologiya fanlari doktori (DSc) Beruniy Alimov hamda Vazirlar Mahkamasu huzuridagi Oliy attestatsiyasi komissiyasi Axborot xizmati rahbari, filologiya fanlari bo‘yicha PhD Bahodir Jovliyev o‘z bilim va amaliy ko‘nikmalari bilan o‘rtoqlashishdi. 

Binar darsda talabalarning media savodxonligi va tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga oid real keyslar asosida amaliy bilimlar berildi.

Ma’lumki, media savodxonlik – ommaviy axborot vositalari orqali uzatilayotgan va qabul qilinayotgan kundalik axborotni saralash koʻnikmalarini, turli axborotlarni qabul qilgandan keyin ham har qanday vaziyatda toʻgʻri qaror qabul qilish, axborot qayerdan, kim tomonidan va nima maqsadda uzatilyapti, oʻzida kimning manfaatlarini aks ettiryapti degan tushunchalarni shakllantirishga xizmat qiladi. Qaysi manba ishonchli, qaysi manbada notoʻgʻri xabarlar tarqalishi mumkinligini media savodxonligi yuqori boʻlgan odam osongina sezishi mumkin boʻladi. 

Binar dars davomida axborotni olish va uni tahlil etish, manbalar bilan ishlash, axborot xurujlari, xususan, kiberxavfsizlikka amal qilish, kiberjinoyatchilarni domiga tushmaslik borasida tushunchalar berildi. Mediasavodxon internet foydalanuvchisi internet firibgarlarining qopqonlariga tushmasligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

Izoh qoldirish