1

30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektorining BAYRAM TABRIGI

Qadrli talaba-yoshlar!

Siz, mamlakatimiz kelajagi va taraqqiyotining asosiy tayanchi bo‘lgan aziz yoshlarni bugun yurtimizda katta shodiyonalar bilan nishonlanayotgan 30-iyun – Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman. 

Bugun dunyo miqyosida yoshlarning soni ikki milliarddan ziyodni tashkil etmoqda. Yurtimizda ham aholining 60 foizdan ko‘prog‘i yoshlardan iborat. Bu – mamlakatimizning yorug‘ istiqbolidan darak beradi. 

Albatta, har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda, bugun O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 

Negaki, bugun katta hayotga kirib kelayotgan siz kabi yoshlar Vatanimiz kelajagi, xalqimizning ertangi tayanch ustunlari, Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Yangi O‘zbekiston yoshlari” degan sharafli nomga har tomonlama munosib bo‘lgan, bizning bebaho boyligimiz, oltin fondimiz. 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham yoshlarimizga sifatli ta’lim va tarbiya berish, xorijiy tillarni o‘rgatish, hayotda munosib o‘rin topishi uchun zarur sharoitlar yaratish eng asosiy vazifamizga aylangan. Akademiyamizda ta’lim olayotgan har bir talaba dunyoviy va diniy bilimlarni puxta egallab, o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha izlanmoqda va ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. Ularning mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, turli sohalarda muhim yutuqlarga erishayotgani barchamizni xursand qiladi. 

Sizlarning har bir yutug‘ingiz – Vatanimiz yutug‘i, jamiyatimiz faxridir. Shu bois, barchangizga mustahkam sog‘liq, o‘qish va faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, tinch va farovon hayot tilayman. 

Aziz yoshlar!

Yoshlik – bu imkoniyatlar davri. Undan to‘g‘ri foydalaning, yurt taqdiri uchun mas’ullikni his eting va doimo ilm, axloq va mehnat bilan elga xizmat qilishga intiling!

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bugun yoshlar bilan bo‘lgan uchrashuvda ta’kidlaganlaridek, “Bilagida kuch-g‘ayrat, har bir harakatida azm-u shijoat jo‘sh urgan yigitlarimizni, bilim va odobda, aql-zakovatda tengsiz qizlarimizni ko‘rib, har qanday xalq, har qanday davlat bizga havas qilsa arziydi”. 

So‘zim yakunida, yana bir bor yurtimizning barcha yoshlarini azmu shijoat va kamolot ayyomi – Yoshlar kuni bilan muborakbod etaman. Vatanimiz, ota-onangiz faxrlanadigan, ulug‘ ajdodlarimizga munosib farzand bo‘lish baxti nasib etsin.

Sizlarga sihat-salomatlik, o‘qish va kasbiy faoliyatda muvaffaqiyat, oilaviy hayotda baxt tilayman. 

Barchangizga Yoshlar kuni muborak bo‘lsin! 

 

Muzaffar KOMILOV,

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori

Izoh qoldirish