1

“Xalqaro yoshlar turizm festivali” ishtirokchilariga Akademiyaning turizm salohiyati namoyish etildi

Xabaringiz bor, joriy yilning 18-23-avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimizda “Xalqaro yoshlar turizm festivali” bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur festival doirasida turli ilmiy-ma’rifiy, madaniy va turizmga oid amaliy mashg‘ulotlar, ekskursiyalar o‘tkazilmoqda.

Festivalda Buyuk Britaniya, Eron, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Singapur, Indoneziya, Ozarbayjon, Turkiya, Hindiston kabi davlatlardan kelgan mehmonlar bilan bir qatorda mamlakatimizning o‘nlab oliy ta’lim muassasalari vakillaridan 100 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashmoqda.

Mazkur festivalning asosiy maqsadi – turizm sohasi bo‘yicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, yosh avlod vakillarining ilmiy-nazariy bilimlarini, amaliy ko‘nikmalarini va kasbiy salohiyatini rivojlantirishdan iboratdir. Ushbu tadbir nafaqat turizm sohasi mutaxassislari, balki yosh tadqiqotchilar va talabalar uchun ham xalqaro tajriba almashish, yangi g‘oyalarni ilgari surish hamda turizmning barqaror rivojlanishiga xizmat qiluvchi innovatsion yondashuvlarni muhokama qilish imkonini beradi.

Bugun festival ishtirokchilari tadbirlar doirasida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida bo‘lishdi.

Tashrif davomida Akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Muassasa hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Yunusxon, Shayx Xovandi Tohur hamda To‘labiy (Qaldirg‘ochbiy) maqbaralariga ziyorat tashkil etildi.

Ekskursiya davomida allomalar hayoti, ilmiy merosi, maqbaraning bugungi kundagi ahamiyati, bu yerga keladigan ziyoratchilar tashrifi toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Ziyorat mehmonlarda katta taassurot qoldirib, o‘tganlarning ruhiga Qur’on tilovat qilindi.

Shuningdek, festival qatnashchilari “Manbalar xazinasi” bo‘limida ham bo‘lib, u yerda saqlanayotgan islom diniga oid nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlar, “Usmon Mus’hafi” hamda “Langar Qur’oni”ning nusxalari bilan tanishdilar.

Eslatib o‘tamiz, festival dasturi davomida Samarqand shahriga ilmiy-ma’rifiy sayohat, shuningdek, milliy an’analarni namoyish etuvchi “Uzum Sayli” festivalida ishtirok etish kabi tadbirlar o‘rin olgan.

Festival davom etmoqda.

Izoh qoldirish