
Ertamiz egalarining ta’lim-tarbiyasiga barchamiz mas’ulmiz
Ajdodlarimizning farzand tarbiyasiga milliy qadriyat sifatida qaraganida katta ma’no bor. Ayniqsa, globallashuv jarayonlari kechayotgan bizning davrimiz bola tarbiyasiga yanada e’tiborli bo‘lishni, qarovsiz va nazoratsiz qoldirmaslikni talab qilmoqda. Yosh avlod ta’lim-tarbiyasida nafaqat ota-onaning, balki ta’lim muassasalari vakillarining ham o‘rni katta.
Chunki bugungi tezkor davrda ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishi afsuski kuzatilmoqda. Dunyoqarashi keng, turli yot g‘oyalarga qarshi tura oladigan, yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan yoshlarni kamol toptirish dolzarb vazifa. Bu borada ota-ona va ta’lim muassasasi o‘rtasida uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi zarur.
Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostidagi “Mustaqillik darslari” doirasida talabalarning ota-onalari hamda Akademiya rahbariyati o‘rtasida “Ota-onalar kongressi” bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Habibullo Sadibaqosev, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, Moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor Salim Dusanov, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda ota-onalar ishtirok etdi.
“Ota-onalar kongressi”ni Akademiya prorektori Habibullo Sadibaqosev ochib berdi. Akademiya prorektori o‘z so‘zida so‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada tizimli islohotlar, ulug‘ ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etishga bo‘lgan sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizdagi eng nufuzli va sharafli o‘quv muassasasi hisoblanadi. Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan tashkil etilgan Akademiyada jamiyat rivojiga hissasini qo‘shadigan, o‘z sohasining malakali mutaxassislarini kamolga yetkazish ustuvor vazifa sanaladi.
Muloqot davomida soha prorektorlari so‘zga chiqib, bugungi kunda Akademiyada olib borilayotgan ta’lim tizimi va o‘quv jarayonlari, ichki tartib-qoidalar va talaba-yoshlar sifatli bilim olishi uchun yaratilgan sharoitlar haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Suhbat davomida mas’ullar tomonidan talabalarga yaxshi ta’lim berish bilan cheklanib qolinmay, ularning tarbiyasi, xulqi-odobi boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerakligi, bu borada Akademiya va ota-ona hamkorligi yo‘lga qo‘yilishi kerakligi alohida ta’kidlandi.
Zero, davlatimiz rahbari ham o‘z ma’ruzalarida yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qayta-qayta murojaat qilishlari bejiz emas. “Bizni hamisha o‘ylantirib keladigan yana bir muhim masala – bu yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, bir so‘z bilan aytganda, dunyoqarashi bilan bog‘liq. Bugun zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Bu o‘zgarishlarni hammadan ham ko‘proq his etadigan kim – yoshlar. Mayli, yoshlar o‘z davrining talablari bilan uyg‘un bo‘lsin. Lekin ayni paytda o‘zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug‘ zotlarning avlodimiz, degan da’vat ularning qalbida doimo aks sado berib, o‘zligiga sodiq qolishga undab tursin. Bunga nimaning hisobidan erishamiz? Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya hisobidan”, degan edi Prezidentimiz.
Muloqot davomida Akademiya profilaktika katta inspektori Muhriddin Xikmatov ham so‘z olib, talabalar orasida uchrayotgan jinoyatchilik holatlarini bartaraf etish zarurligini ta’kidladi.
Tadbirda ota-onalar ham so‘z olib, farzandlariga sifatli ta’lim va tarbiya berib kelayotgan Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda mutasaddilarga minnatdorlik bildirishdi.
Samimiy muloqot shaklida olib borilgan uchrashuvda atroflicha fikr almashildi va ota-onalarning taklif-mulohazalari tinglandi.
Tadbirdan so‘ng ota-onalar Akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Muassasa hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Yunusxon, Shayx Xovandi Tohur hamda To‘labiy (Qaldirg‘ochbiy) maqbaralariga ziyorat uyushtirildi.
Tashrif davomida allomalar hayoti, ilmiy merosi, maqbaraning bugungi kundagi ahamiyati, bu yerga keladigan ziyoratchilar tashrifi toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Shuningdek, ota-onalar “Manbalar xazinasi” faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, u yerda saqlanayotgan islom diniga oid nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlar, “Usmon Mus’hafi” hamda “Langar Qur’oni”ning nusxalarini ko‘zdan kechirishdi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish