1

Talabalar uchun dolzarb mavzuda davra suhbati o‘tkazildi

Yosh avlodni voyaga yetkazish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarga doimiy g‘amxo‘rlik qilish davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan siyosatning eng muhim va ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. 

Taassufki, amalga oshirilayotgan ijobiy ishlarga qaramasdan keyingi vaqtlarda yoshlar orasida jinoyatchilik holatlarini sodir etish kabi hodisalar ham uchrayotgani davrning dolzarb muammolaridan biriga aylanib bormoqda.

Buning oldini olish maqsadida bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda giyohvandlikni oldini olish yuzasidan” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Habibullo Sadibaqosev, Shayxontohur tumani Ichki ishlar organi inspektorlari – Shahriza Damirova, Shohrux Abduhalimov, fakultet dekanlari, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Tadbirni Akademiya prorektori kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, jinoyatchilik va narkotik moddalar bilan bog‘liq muammolar bugungi kunda nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda jamiyat uchun jiddiy xavf solayotgan muammolardan biri hisoblanishini qayd etdi. 

Yoshlar o‘rtasida bu kabi illatlarning tarqalishi kelajagimizga bo‘lgan tahdid ekani, shu bois, bu muammolarga qarshi kurashda faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki barchaning vazifasi ekanini ta’kidladi.

Davra suhbatida soha xodimlari tomonidan internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali giyohvand moddalarni sotish holatlarini aniqlash, uyushgan jinoiy sxemalarni fosh etish va yoshlar orasida taqiqlangan moddalar tarqalishining oldini olish muhim ekani qayd etildi.

Mutaxassislar tomonidan giyohvandlik vositalarini iste’mol qilishning salbiy oqibatlarini tushuntirishga qaratilgan ma’ruzalar tinglandi. Yoshlarning bu yo‘lga kirib qolishining oldini olish dolzarb masala ekani ta’kidlanib, bu illatga qarshi kurashish har bir ongli fuqaroning mas’uliyatli burchi ekani uqtirildi.

Tadbir yakunida talabalar oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdilar.

Izoh qoldirish