1

Top-300 universitetlari bilan hamkorlik yangi bosqichda

Joriy yilning 6-11-oktabr kunlari O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va Germaniyaning Friedrix Aleksandr nomidagi Erlangen-Nyurnberg universiteti (Friedrich-Alexander-Universität Erlangen-Nürnberg) hamkorligida dinshunoslik va islomshunoslik sohalari rivojiga bag‘ishlangan turkum ilmiy va madaniy tadbirlar o‘tkazildi. Tadbirlar silsilasi 6-oktabr kuni “Dinshunoslikdagi zamonaviy metodologik yondashuvlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy seminar bilan boshlandi. 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy seminarda dinshunoslik sohasidagi metodologik yondashuvlar, ilmiy tadqiqotlarning samaradorligini oshirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish bilan birga bu sohada xalqaro tajriba almashish va hamkorlikni kuchaytirish asosiy maqsad etib belgilagan. 

Ma’lumot uchun: Friedrix Aleksandr nomidagi Erlangen-Nyurnberg universiteti (Friedrich-Alexander-Universität Erlangen-Nürnberg) Germaniyadagi yirik oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib QS jahon universitetlari reytingida 232-o‘rinni egallagan. 

Mazkur seminarda O‘zbekiston va Germaniyadan yetakchi olimlar, professor-o‘qituvchilar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi zamonaviy dinshunoslikdagi mavjud an’anaviy va zamonaviy metodologik yondashuvlarga oid masalalarni muhokama qilish, ilmiy tajriba almashish va xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Seminarni Islomshunoslik fakulteti dekani dotsent Jahongir Tohirov olib bordi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi prorektori, dotsent Irgash Daminov kirish so‘zida mazkur tadbirning xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish va dinshunoslik sohasini rivojlantirishdagi ahamiyatini ta’kidladi.

Tadbir davomida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori Ilhom Bekmirzaev “O‘zbek va nemis islomshunosligi rivoji va istiqbollari” mavzusida, Germaniyaning Erlangen-Nyurnberg universiteti professori Mohammed Nekroumi “Islom ilohiyotini tadqiq etishdagi metodologik masalalar” mavzusida, dotsent Nigora Hakimova “Qaffol ash-Shoshiyning ‘Mahosin’ asarida epistemologik masalalarning yoritilishi” mavzusida va dotsent Mahfuza Alimova “O‘zbekistonda dinshunoslik sohasi rivojlanishi tendensiyalari” mavzusida ma’ruzalar qildilar. 

Shuningdek, seminar doirasida germaniyalik mutaxassislar ishtirokida “Qiyosiy dinshunoslik” magistratura mutaxassisligi va “Dinshunoslik” ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun “Dinshunoslikni o‘qitish metodikasi”, “Fan va din”, “Qiyosiy dinshunoslik” va “Diniy manbalarni qiyosiy o‘rganish” fanlari doirasida binar darslar tashkil etildi. 

Ma’ruzalar yakunida ilmiy muhokamalar o‘tkazildi. Ishtirokchilar zamonaviy metodologik yondashuvlarning dolzarbligi, sharq va g‘arb ilmiy maktablarining o‘ziga xosligi, yosh tadqiqotchilar uchun imkoniyatlarni kengaytirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. 

Seminar yakunida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro ilmiy jurnallarda hamkorlikda maqolalar chop etish, doktorantlar va magistrlar uchun qo‘shma ilmiy seminarlar tashkil etish hamda akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlik loyihalari ishlab chiqildi.

Shuningdek, hamkorlik doirasida xorijlik mutaxassislarning Toshkent shahridagi diqqatga sazovar joylarga tashriflari tashkil etildi.

Ishtirokchilar ta’kidlaganidek, bunday ilmiy-amaliy tadbirlar nafaqat dinshunoslik fanini rivojlantirishda, balki ilmiy hamjamiyat o‘rtasida madaniy muloqotni kuchaytirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Izoh qoldirish