
Til bor ekan – millat barhayot
Dunyo xalqlari va millatlarining madaniy o‘zagi va asosiy muloqot manbai bu ularning milliy tili hisoblanadi. Shunday ekan, har bir tilning saqlanishi hamda yosh avlodga yetkazilishi, xalq taraqqiyoti va uning kelajagini belgilaydi. Birgina til ko‘plab xalqlarni o‘zaro birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, an’ana va madaniyatlarini saqlaydi, uni avloddan avlodga o‘tishini ta’minlaydi.
Darhaqiqat, til – millat ko‘zgusi. U har bir millatning qadrli boyligi, ma’naviy qiyofasi, madaniyati, ichki dunyosini aks ettiruvchi muhim vosita.
1989-yil 21-oktabrda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur hujjat xalqimizning mustaqillik uchun qo‘yilgan dastlabki qadami bo‘ldi. 2020-yil 10-aprelda esa O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunining qabul qilinishi quvonarli hol bo‘ldi. Mazkur qonun bilan har yili 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni etib nishonlash belgilandi.
Chindan ham o‘zbek tilini rivojlantirish, e’zozlash, xalqaro nufuzini yanada oshirish borasida tarixiy ishlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu kabi ezgu sa’y-harakatlarda faollik ko‘rsatish, davlat tiliga kuyinchaklik bilan munosabatda bo‘lish har birimizning muqaddas burchimiz sanaladi.
Mamlakatimizda har yili 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan turli bayram tadbirlar, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, ilmiy-amaliy anjumanlar, soha mutaxassislari bilan davra suhbatlari tashkil etiladi. Mazkur sana keng miqyosda nishonlanadi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham sana munosabati bilan “Til bor ekan – millat barhayot” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri o‘tkazildi.
Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi hamda Xotin-qizlar bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Toshkent shahar hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Akmal Ro‘zitoyev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti katta o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sabohat Qahhorova, yozuvchi va dramaturg Javlon Jovliyev, Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilovning tabrigini Akademiya prorektori Irgash Daminov o‘qib eshittirdi.
Tabrikda ona tilimiz nufuzi va mavqeyi yildan-yilga oshib borayotgani, uning yanada taraqqiy etishi, xalqaro maydonlarda baralla yangrashi uchun yurtimizda olib borilayotgan amaliy ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Millat ko‘zgusiga bo‘lgan chuqur ehtirom har bir kishining kundalik turmush tarzida ham namoyon bo‘lishi zarurligi yana bir bor ta’kidlandi.
Tadbirda so‘z olganlar O‘zbek tili bayrami kuni bilan samimiy tabriklab, o‘zbek tilining boy tarixi, xususan, Mahmud Qoshg‘ariy, Alisher Navoiy, Zahriddin Muhammad Bobur, Abdulla Qodiriy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy kabi buyuk bobokalonlarimizning ona tilimiz rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritishdi.
Tantanali marosimda tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeyini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb ma’naviy burchimiz bo‘lib qolishiga e’tibor qaratildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham davlat tilida ish yuritilishini ta’minlash, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Akademiyadagi barcha rasmiy hujjatlari, kitob va to‘plamlar hamda internet saytida e’lon qilinayotgan ma’lumotlar davlat tili meyorlariga muvofiq tayyorlanmoqda. Akademiyada faoliyat yuritayotgan “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi tomonidan esa talaba-oshlarni o‘zbek tili, madaniyati, ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini chuqur o‘rganish, Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasida darslar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.
Bundan tashqari, kuni kecha Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talaba-oshlar o‘rtasida “O‘zbek tili – qalbim tarjimoni” ko‘rik-tanlovining Akademiya bosqichi o‘tkazildi.
Ushbu tanlov Akademiyada tahsil oluvchi xorijiy talabalar o‘rtasida o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, xorijlik talabalar o‘zbek tilini o‘rganishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida tashkil etildi. Unda Akademiyaning xorijlik talabalari yurtimiz tarixi, madaniyati, o‘zbek xalqi qadriyatlari, ijtimoiy hayotiga oid mavzulardan birini tanlab esse yozishdi. Tanlovning g‘olib va sovrindorlari aniqlanib, navbatdagi bosqichga yo‘l olishdi.
Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi bakalavr va magistrlari uchun ta’sis etilgan Mahmudxo‘ja Behbudiy maxsus stipendiyasi 2025-yilgi tanlovi g‘oliblariga guvohnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Akademiya talabalar teatr studiyasi tomonidan yosh yozuvchi Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma” asari asosida sahnalashtirilgan “Millat fidoyilari” nomli spektakl yig‘ilganlarga havola etildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish