1

21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektorining TABRIGI

Assalomu alaykum, qadrli hamkasblar, aziz talaba-yoshlar! 

Bugun barchangizni 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan tabriklashga ijozat bergaysiz! 

Til – inson qalbining ko‘zgusi. Unda nafaqat inson qalbi, balki o‘sha xalqning o‘tmishi, buguni, kelajagi, madaniyati va boshqa bir qancha jihatlari ham aks etib turadi. Ona tili shunday zalvorli, zabardast, qudratli kuchga egaki, u millionlab qalblarni iftixor, g‘urur hissini uyg‘otadi. 

Shu o‘rinda kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi yubiley sessiyasidagi chiqishlarini barchamiz katta hayajon bilan kuzatdik. Dunyoning eng yuksak minbaridan global miqyosdagi tashabbuslar, jahon afkor ommasini tinchlik, hamjihatlikka undagan chaqiriqlar o‘zbek tilida yangradi. Umuman, davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi sessiyalarida ona tilida nutq irod etishlari xayrli an’anaga aylangan. Bu ham o‘zbek tili, ona tiliga bo‘lgan hurmatning oliy namunasidir. 

Shu o‘rinda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ona tilimizga bo‘lgan cheksiz hurmat va e’tiborlari aks etgan quyidagi fikrlarini keltirishni joiz deb bildim: 

“Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak”. 

Aziz talaba-yoshlar! 

Keyingi yillarda ona tilimizga millatning ruhi, borligimiz va birligimiz, timsoli ekanini e’tiborga olgan holda, uni asrash va rivojlantirishga alohida e’tibor berilmoqda.

Yangi O‘zbekistonda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayoti va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashga qaratilgan yangidan yangi tashabbuslar ilgari surilayotgani juda muhim. 

Yaqin tariximizdan ma’lumki, hali istiqlolga erishmay, totalitar tuzum hukmron bir davrda xalqimizning birdam va hamjihatligi tufayli 1989-yil 21-oktabr “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinib, ona tilimizning huquqiy asosi va mavqeyi mustahkamlandi. 

Davlatimiz rahbarining 2019-yildagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sohani yangi bosqichga olib chiqdi. 2020-yil 10-aprel sanasida esa Prezidentimizning “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinib, unga ko‘ra, 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami etib belgilandi. 

Qadrli hamkasblar! 

Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham davlat tilida ish yuritilishini ta’minlash, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Akademiyadagi barcha rasmiy hujjatlari, kitob va to‘plamlar hamda internet saytimizda e’lon qilinayotgan ma’lumotlar davlat tili meyorlariga muvofiq tayyorlanmoqda. Akademiyada faoliyat yuritayotgan “O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi tomonidan esa talaba-yoshlarni o‘zbek tili, madaniyati, ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini chuqur o‘rganish, Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasida darslar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. 

Kuni kecha Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talaba-oshlar o‘rtasida “O‘zbek tili – qalbim tarjimoni” ko‘rik-tanlovining Akademiya bosqichi o‘tkazildi.

Ushbu tanlov Akademiyada tahsil oluvchi xorijiy talabalar o‘rtasida o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, xorijlik talabalar o‘zbek tilini o‘rganishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida tashkil etildi. Unda Akademiyaning xorijlik talabalari yurtimiz tarixi, madaniyati, o‘zbek xalqi qadriyatlari, ijtimoiy hayotiga oid mavzulardan birini tanlab esse yozishdi. 

Fursatdan foydalanib, ko‘rik-tanlovning g‘oliblarini chin yurakdan tabriklab, kelgusi bosqichdagi ishtiroklariga muvaffaqiyat tilab qolaman. 

Aziz talaba-yoshlar! 

Dunyodagi ko‘hna va benazir tillardan hisoblangan o‘zbek tili xalqimizning boy tarixi, orzu-maqsadlari, ulkan ma’naviy-ma’rifiy merosi xazinasi hisoblanadi. Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy hazratlari ulkan ilmiy manbalarni avlodlarga meros qilib qoldirdilar. “Xazoyin ul-maoniy”, “Xamsa”, “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Mahbub ul-qulub” kabi shoh asarlar ona tilimizning beqiyos jilosini butun dunyoga namoyish qildi. 

Alisher Navoiy so‘zning qudrati haqida to‘xtalib, shunday deydilar:

Donau dur so‘zini afsona bil, 

So‘zni jahon bag‘rida durdona bil. 

Ona tilini qadrlash insonning o‘z onasi, xalqi va Vataniga bo‘lgan hurmati belgisi hamdir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shunday ekan, ona tilimizni e’zozlash bilan birgalikda bir necha xorijiy tillarni ham mukammal bilish, dunyo ilm-fani taraqqiyotiga hamohang odimlash Vatanimiz istiqboli va xalqimizning yorug‘ kelajagini ta’minlovchi muhim omil ekanini har birimiz qalban anglamog‘imiz lozim.

Qadrli hamkasblar!

O‘g‘il-qizlarim! 

So‘zim yakunida yana bir bor Siz, azizlarni 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman! Ona tilimiz shon-u shuhrati abadiy bo‘lsin! 

 Muzaffar Komilov,

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori

Izoh qoldirish