1

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida sayyor dars tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Jinoyatni sodir etish bosqichlari” mavzusida sayyor binar mashg‘ulot o‘tkazildi.

Mazkur dars O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi “Yurisprudensiya” yo‘nalishi 3-kurs talabalari dotsent vazifasini bajaruvchi Feruz Rashidov rahbarligida tashkil etildi.

Mashg‘ulotda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi o‘qituvchisi A.Azimov ishtirok etdi va talabalar bilan birgalikda jinoyatlarning tayyorgarlik bosqichi, suiqasd va tamom bo‘lgan jinoyat tushunchalari, ularning huquqiy kvalifikatsiyasi hamda amaliyotdagi dolzarb masalalar keng muhokama qilindi. 

Mashg‘ulot jarayonida “Street Law” innovasion guruhi a’zolari bo‘lgan 4-kurs talabalari ham faol ishtirok etishdi. Ular keys-study va case-timeline usullaridan foydalangan holda amaliyotdagi misollar orqali mavzudagi bilimlarni mustahkamladilar.

Binar mashg‘ulot davomida tezkor-tergov faoliyati, ayniqsa, kiberjinoyatlar bilan bog‘liq holatlar, dalillarni yig‘ish va ularni protsessual jihatdan rasmiylashtirish masalalari bo‘yicha amaliy maslahatlar berildi. 

Akademiya mutaxassislari talabalarga kibermakonda jinoyatchilikni aniqlash, elektron dalillar bilan ishlash, kompyuter-texnika ekspertizasining ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berdilar. Shuningdek, talabalar Akademiyaning ko‘rgazmali xonalari, o‘quv-amaliyot laboratoriyalari va ixtisoslashgan bo‘linmalari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yoshlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlash tizimi bilan tanishtirish, ularda huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, yuridik mutaxassislikka bo‘lgan qiziqishni oshirishdan iborat bo‘ldi. Akademiya rahbariyati talabalarga huquqni muhofaza qilish tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy yondashuvlar va sohadagi dolzarb muammolar haqida ma’lumot berdi.

Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, malakali mutaxassislardan atroflicha javoblar oldilar. Ular jinoyatni sodir etish bosqichlarida kvalifikatsiyada yo‘l qo‘yiladigan xato holatlar, tergov harakatlarining samaradorligi, dalillarning qonuniyligi va kiberjinoyatlar bo‘yicha profilaktik choralar haqida fikr almashdilar. 

Shuningdek, Akademiyaning o‘quv-amaliyot binolari bo‘ylab ekskursiya uyushtirilib, talabalarga tergov amaliyotida qo‘llaniladigan zamonaviy texnik vositalar namoyish etildi.

Bunday tashrif va uchrashuvlar yoshlarning huquqiy bilimlarini chuqurlashtirish, milliy qonunchilikka hurmat ruhini mustahkamlash hamda ularda tezkor-tergov va kiberxavfsizlik sohalari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Izoh qoldirish