O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi turizm va ilmiy-madaniy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari
Keyingi yillarda O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida barcha sohalarda hamkorlik munosabatlari rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, madaniy-ma’rifiy, turizm, ilm-fan sohalaridagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Shu kunlarda yurtimizda O‘zbekiston – Indoneziya madaniy va hamkorlik haftaligi boshlandi. Haftalikni tashkil etishdan maqsad O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar ko‘lamini kengaytirish, mamlakatimizning islom sivilizatsiyasi rivojida tutgan o‘rni va uning ilmiy merosini keng targ‘ib etish hamda ziyorat turizmi yo‘nalishida sayyohlar oqimini oshirishdan iborat.
Haftalik doirasida bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi turizm va ilmiy-madaniy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tashabbusi bilan Indoneziyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Indoneziyaning Sharif Hidayatulloh davlat islom universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Indoneziyaning O‘zbekistondagi elchisi, professor Siti Ruhaini Juhayatin, Sharif Hidayatulloh davlat islom universiteti Din asoslari fakulteti dekani, delegatsiya rahbari va “1000 Cahaya Indonesia” tashabbusi rahbarlar kengashi a’zosi, professor Ismatu Ropi, Jakarta Qur’on ilmlari universiteti rektori Nadjematul Fayzax, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhamedov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda 100 nafardan ziyod indoneziyalik mehmonlar ishtirok etishdi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan “O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi turizm va ilmiy-madaniy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi mazkur tadbir ikki mamlakat madaniyati, san’ati, turizm sohalarida yangi davrni boshlab berishi alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida O‘zbekiston – Indoneziya haqidagi ilk film “Pengin Hijrah” (“Sayohat qilishni xohlaysizmi?”) filmining treyleri namoyish etildi.
Ochilish marosimida “Legong Maha Widya” (Bali raqs turi) taqdim etildi. Mazkur raqs zamonaviy raqs turi bo‘lib, u ona tabiatning qudrati va zakosini ifoda etadi.
Shuningdek, “Gending Sriwijaya” raqsi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Palembang shahridan kelib chiqqan an’anaviy “Gending Sriwijaya” raqsidan ilhomlanib yaratilgan. U muhim va nufuzli mehmonlarni tantanali ravishda qarshi olish maqsadida ijro etiladi.
Dastur doirasida o‘zbek san’atkorlari tomonidan Indoneziya an’anaviy raqslari, shuningdek, o‘zbekistonlik sportchilar ijrosida “Penchak Silat” (Indoneziyaning milliy jang san’ati) namoyishi va Indoneziya qahva burchagi taqdimoti o‘tkazildi.
Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining iqtidorli talabalari tomonidan milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar ijro etildi.
Yakunda ilmiy hamkorlikka qo‘shgan hissasi uchun mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir doirasida Indoneziyadan kelgan 100 dan ziyod mehmonlar Akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Muassasa hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Yunusxon, Shayx Xovandi Tohur hamda To‘labiy (Qaldirg‘ochbiy) maqbaralariga ziyorat tashkil etildi.
Ekskursiya davomida allomalar hayoti, ilmiy merosi, maqbaraning bugungi kundagi ahamiyati, bu yerga keladigan ziyoratchilar tashrifi toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Ziyorat mehmonlarda katta taassurot qoldirib, o‘tganlarning ruhiga Qur’on tilovat qilindi.
Muxtasar aytganda, ushbu tadbir har ikki mamlakat yoshlari uchun madaniyat, an’analar va ta’lim orqali o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga katta hissa qo‘shdi. Kelgusidagi madaniy almashinuvlar, ilmiy tadqiqot va ta’lim sohasidagi hamkorlik uchun zamin bo‘ldi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish