1

Davlat muassasalarida rasmiy protokol qoidalariga muvofiq kiyinish etikasi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professor-o‘qituvchilari hamda xodimlari uchun “Davlat muassasalarida rasmiy protokol qoidalariga muvofiq kiyinish etikasi” mavzusida maxsus seminar dars o‘tkazildi.

“Xalqaro munosabatlar” kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan seminarni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi “Diplomatik akademiya” dotsenti, O'zbekiston Respublikasining Rossiya va Qirg‘iziston Respublikalaridagi sobiq elchisi Ziyadulla Po‘latxo‘jayev olib bordi.

Unda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Habibullo Sadibaqosev, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, fakultet dekanlar, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etishdi.

Madaniyatlilikning asosiy belgilaridan biri ham, bu – kiyinish etiketidir. Kimning qanday kiyinishiga qarab, uning estetik didi, farosati, oddiy va ma’naviy darajasini, hatto kasbini ham aniqlab olish mumkin.

Davra suhbati davomida davlat muassasalarida rasmiy protokol qoidalariga muvofiq kiyinish etikasi haqida so‘z yuritildi. Ma’ruzachi tomonidan kiyinish odobi kishilarning o‘zaro muomalasiga, bir-biriga bo‘lgan munosabatiga, yurish-turishiga ham ta’sir qilishi ta’kidlandi. Davlat xizmatchisi davlat boshqaruvi tizimining ko‘zgusi vazifasini bajarishi qayd etildi.

Erkak va ayollarning rasmiy kiyinish farqi, kiyimga mos tarzda tanlanadigan aksessuarlar haqida ma’lumot berildi. Rasmiy protokol qoidalariga muvofiq kiyinish shaxsning jiddiyligi, ishga bo‘lgan munosabati, hurmati, atrofdagilarga bo‘ladigan ta’siri xususida so‘z yuritildi. 

O‘qituvchi va xodimlar o‘zlarining xulqi, odobi, muomala madaniyati hamda kiyinish etikasi bilan talabalarga namuna bo‘lishlari kerakligi alohida qayd etildi.

Yakunda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish