2

Yoshlar orasida radikalizm va ekstremizmni oldini olish masalalari

Joriy yilning 20-24-noyabr kunlari Farg‘ona, Andijon, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida “Yoshlar orasida radikalizm va ekstremizmni oldini olish masalalari” mavzusida seminar-treninglar tashkil etildi. 

Mazkur tadbirlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (UNDP) va O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘rtasida amalga oshirilgan “Radikalizm va ekstremizmga qarshi faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish” mavzusidagi ilmiy loyiha doirasida o‘tkazildi. 

Treninglarda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi “Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi mudiri, yuridik fanlar doktori, professor Nigora Yusupova, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi dotsenti A’zamxon Qambarov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev hamda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Shukrullo Jo‘rayev, shuningdek, viloyatlardagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hududiy boshqarmasi vakillari, ichki ishlar organlari xodimlari, adliya mutaxassislari, Yoshlar ishlari agentligi faollari, Oila va hotin-qizlar qo‘mitasining hududiy vakillari, Mahallalar uyushmasi vakillari ishtirok etdilar. 

Yuqoridagi barcha tadbirlarni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev kirish so‘zi bilan ochib berarkan, mazkur loyiha va uning ishtirokchilari haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berdi. 

Treninglarning asosiy qismida Nigora Yusupova media axborot tarqatuvchi vosita ekanligidan tashqari, jamiyatda g‘oyalar va dunyoqarashni shakllantiruvchi kuchli omil sifatida yoshlar ongiga katta ta’sir ko‘rsatishini qayd etdi. 

Raqamlashuv davrida internetdagi feyk yangiliklar, manipulyativ xabarlar va din niqobidagi zararli kontentlar jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdid solayotgani, shuningdek, radikal va ekstremistik guruhlar onlayn makondan foydalanib yoshlarni hissiyot va ijtimoiy noroziliklari orqali o‘z safiga jalb etishga urinayotgani qayd etildi. 

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Shukrullo Jo‘rayev tomonidan O‘zbekistonda radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashishda milliy qonunchilik va xalqaro huquqiy mexanizmlar muhim o‘rin tutishi qayd etildi. 

Konstitutsiya, “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”, “Ekstremizmga qarshi kurash to‘g‘risida” hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunlar asosida mamlakatda zo‘ravon ekstremizmning oldini olish bo‘yicha huquqiy kafolatlar belgilab berilgani, shu bilan birga BMT, YXHT va ShHT doirasida qabul qilingan xalqaro rezolyutsiya va konvensiyalar milliy amaliyotni mustahkamlab kelayotgani ta’kidlandi. Treningda shuningdek, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurashishda Moturidiylik ta’limotining ahamiyati haqida to‘xtalib, u aql, ilm va adolatga tayanilgan holda e’tiqod va amaliyotni shakllantirishni uqtiradigan, insonni irodali va fikrlovchi mavjudot sifatida baholaydigan sog‘lom teologik asos ekanligi qayd etildi. 

“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi dotsenti A’zamxon Qambarov tomonidan islom dinida bag‘rikenglik “tasamaha” tushunchasi bilan ifodalanadigan, muruvvat, saxiylik va ochiqko‘ngillikni o‘z ichiga olgan asosiy axloqiy prinsip ekanligi, u musulmonlarni boshqa din va madaniyat vakillariga nisbatan adolatli va hurmatli munosabatda bo‘lishga chorlashi alohida qayd etildi. 

Qur’ondagi oyatlar ham muloqot va munozarada go‘zal uslubdan foydalanish, madaniy va diniy farqlarga qaramay tinchlik va hamjihatlik muhitini saqlash zarurligini ta’kidlashi aytib o‘tildi. 

Barcha treninglarda ishtirokchilar bunday ma’lumotga boy tadbirlar ularning kundalik ish faoliyatida g‘oyat ahamiyatli ekanini ta’kidladilar. 

Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan bu kabi treninglarni asosan muammoli vaziyatlar saqlanib qolayotgan ta’lim muassasalari, jumladan, maktab, litsey va oliy ta’lim muassasalaridagi soha mutaxassislari va o‘quvchi-talabalar uchun ham keng auditoriyalarda bir necha smenalarda tashkil etish maqsadga muvofiq ekanligi ta’kidlandi.

Izoh qoldirish