1

Kengash majlisida muhim masalalar muhokama qilindi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi majlislar zalida Akademiya Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Kamilov, Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etishdi.

Akademiya kengashi majlisi avvalida bir guruh o‘qituvchilarga ilmiy unvon va diplomlar topshirildi.

Shundan so‘ng majlisda oliy ta’lim muassasasi zimmasida bajarilishi zarur bo‘lib turgan ishlar, mavjud yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi. 

Oʻtgan vaqt mobaynida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish muhim ekani qayd etildi.

Dastlab Akademiya rektori, Kengash raisi Muzaffar Kamilov O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Kengashining yangilangan tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida axborot berdi.

Magistratura bo‘limi boshlig‘i Ashirali Abdurashidov Magistratura bo‘limi faoliyati va magistrlik dissertatsiyasi tayyorgarligi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. 

Akademiya yuriskonsulti N.Akbarova O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining Ustavini (yangi tahrirda) hamda Akademiyadagi fakultetlar, kafedralar va tarkibiy bo‘linmalarning yangilangan Nizomlarini tasdiqlash to‘g‘risida so‘z yuritdi. 

Akademiyada 2026-yil uchun Oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutiga qabul jarayonlari xususida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Irgash Daminov ma’lumot berdi. 

Kengash kotibi Jaloliddin Bo‘riyevning O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi OAKga ilmiy unvon olish uchun tavsiya etish to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.

Majlis davomida O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev tomonidan Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’limi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengashga taqdim etish uchun tavsiya etish borasida ma’lumot berildi. 

Yigʻilishda Akademiyada maʼnaviy-axloqiy muhitni yanada kuchaytirish, yoshlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda yot gʻoya va mafkuralarga qarshi immunitetni mustahkamlashni yanada kuchaytirish kerakligi ta’kidlandi.

Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi. 

Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi. 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish