Radikallashuv va yot g‘oyalarga qarshi kurashish hamda axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish
Bugun Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida “Radikallashuv va yot g‘oyalarga qarshi kurashish hamda axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish” o‘nkunligi loyihasi doirasida “Soxta salafiylik: tarixi, g‘oyasi, belgisi, xatarlari” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Akademiya prorektorlari – Habibullo Sadibaqosev, Irgash Daminov, Zokirjon Ro‘ziyev, Salim Dusanov, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, “Ziyo” media markazi direktori Abdulhamid Muxtorov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Matluba Qahhorova, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi, harbiy fanlar doktori (DSc), dotsent Rustam Rashidov, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tashabbusi bilan “Ziyo” media markazi hamkorligida tashkil etilgan ushbu oʻnkunlik tadbirlaridan maqsad – yoshlarni radikalizm, terrorizm, ekstremizm, soxta daʼvolar, gʻarazli daʼvatlar, axborot xurujlari, mafkuraviy tazyiqlar, ommaviy madaniyat taʼsiridan himoyalash, ularda vatanparvarlik, sadoqat tuygʻularini shakllantirishdan iborat.
Tadbir uchun tanlangan mavzularni keng va atroflicha yoritib berish uchun ijtimoiy-siyosiy, diniy, madaniy-maʼrifiy sohada oʻz sohasining yetakchi ekspertlari ma’ruzalari bilan qatnashdi.
Davra suhbatini O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, “Ziyo” media markazi direktori Abdulhamid Muxtorov olib bordi.
Bugungi kunda hech bir xalqning milliy va maʼnaviy anʼanasi, odatlariga toʻgʻri kelmaydigan turli “urf-odatlar” koʻpaymoqda. Achinarli jihati shundaki, koʻpchilik, xususan ayrim yoshlar uning taʼsiriga tushib qolmoqda. Bu narsa yoshlarimizning yurish-turishida, kiyinishida, oʻzini tutishi-yu boshqalar bilan boʻladigan suhbatlarida koʻzga tashlanadi.
Bunday yot gʻoyalar esa bizning milliy qadriyatlarimiz va anʼanalarimizga aslo toʻgʻri kelmaydi. Turli nayrang va xatarlardan ogoh, sergak va hushyor boʻlishimiz lozim. Soʻnggi paytlarda maʼnaviyatimizga zid boʻlgan turli gʻarazli kuchlar “ommaviy madaniyat” niqobi ostida yoshlarimiz ongiga taʼsir oʻtkazishga harakat qilmoqda.
Tadbir davomida ana shu masalalar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolgan ayrim yoshlar hayotga faqat bir tomonlama boqadigan, yengil hayotga intiluvchan boʻlib voyaga yetishi, bu esa ularda buzgʻunchilik, zoʻravonlik, faqat oʻz manfaati uchun harakat qilish kabi illatlarni rivojlanishiga sabab boʻlishi qayd etildi.
“Ommaviy madaniyat” degan niqob ostida axloqiy buzuqlik va zoʻravonlik gʻoyalarini tarqatish, shuning hisobidan boylik orttirish, milliy anʼana hamda qadriyatlarni qoʻporishga qaratilgan xatarli tahdidlar odamni tashvishga solmay qoʻymaydi. Bugun yoshlarimiz oʻziga xos “tushunchalar urushi” sharoitida yashamoqda. “Ommaviy madaniyat” aynan milliy qadriyatimiz asosi boʻlgan hayo, andisha, oqibat, mehr-muhabbat kabi goʻzal axloqiy qadriyatlarimizga qarshi boʻlgan axloqsizlik va yovuzlikni oʻzida aks ettirgan harakat ekani qayd etildi.
Tadbir doirasida soha mutaxassislari, xususan, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o’rinbosari Shahzod Islomov, Ichki ishlar vazirligi Terorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi vakili, mayor Farrux Elmirzayev, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi mudiri Odiljon Ernazarov tomonidan “Soxta salafiylik: tarixi, gʻoyasi, belgisi, xatarlari” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi.
Davlatimiz rahbarining “Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzgʻunchi yot gʻoyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, maʼrifat oʻrnini jaholat egallashiga yoʻl qoʻymaymiz” degan soʻzlari o‘nkunlikning shioriga aylangan.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish