Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilovning yoshlar, ota-onalar hamda pedagoglarni giyohvandlik va narkojinoyatlarning salbiy oqibatlaridan ogohlikka chaqirishga qaratilgan MUROJAATI
Hurmatli ota-onalar, qadrli ustozlar va aziz yoshlar!
Bugun zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallagan yoshlarimiz ishonch bilan katta hayotga kirib kelayotgani barchamizni quvontiradi.
Zotan, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahnamoligida xalqimiz Uchinchi Renessans davriga mustahkam poydevor qoʻymoqda.
Taʼkidlash kerakki, jonajon yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan hisoblanadi. Yoshlarning taʼlim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk inson boʻlib ulgʻayishi yoʻlida barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Zero, barkamol avlod – Vatanimiz taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi!
Maʼlumki, barcha zamon va davrlarda yoshlarni ilm-maʼrifatli qilib tarbiyalash va odob-axloq qilib voyaga yetkazish katta ahamiyat kasb etgan. Taassufki, keyingi paytlarda yoshlar orasida bilib-bilmay giyohvandlik va narkojinoyat “toʻri”ga adashib ilinayotgan, ertamiz egalarining kelajagiga raxna solayotgan tashqi kuchlar koʻpayib bormoqda. Bu illat yosh oilalarning barbod boʻlishiga, bolalarning tirik yetim qolishiga zomin boʻlayotgani achinarlidir.
Aziz ota-onalar va ustozlar!
Oʻz-oʻzimizga savol berib koʻraylik: xoʻsh, yoshlarni giyohvandlik moddalari taʼsiriga tushib qolishiga nima sabab boʻlmoqda? Oxirgi vaqtlarda bu illatga ruju qoʻyish holatlari nega borgan sari koʻpaymoqda?
Avvalo, taʼlim va tarbiya orasidagi uzviylik yoʻqoldi. Ota-ona va taʼlim muassasasi oʻrtasida yagona maqsad – farzand kamoloti uchun birgalikda harakat qilish sustlashdi. Buning natijasida yoshlarimiz mazkur illatning qurboniga aylanib qolyapti.
Shu maʼnoda, bugun muammoning oqibatlari bilan emas, balki sabablari bilan kurashish samaraliroq. Bu kurash qanday amalga oshiriladi? Faqat targʻibot-tashviqot, ota-ona va ustozlar hamkorligi orqali.
Shu bois, mamlakatimizda barcha turdagi giyohvandlikka qarshi izchil kurash olib borilmoqda. Bu borada kuni kecha Prezidentimiz tomonidan “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmon yurtimizda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish jarayonlarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish orqali aholini, birinchi navbatda, yoshlar salomatligi hamda millat genofondini samarali himoya qilishga qaratildi.
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, zamonaviy ilm-fan va kasb-hunarlarni egallash orqali raqobatbardosh kadrlar tayyorlash mexanizmi yangicha yondashuvlar asosida olib boriladi. Har bir talaba biz uchun qadrli, uning kelajagi esa muhim boʻladi.
Bugungi murakkab va sinovli davrda eng katta boylik va kuch qudrat – bilim va kasb-hunar ekanini yosh avlodga uqtiraylik! Zero, muqaddas Qurʼoni karimda taʼkidlanganidek, “...Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng boʻlurmi?”.
Hayotga kirib kelayotgan yosh avlodning barkamol inson boʻlib kamol topishi Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligiga munosib hissa qoʻshishiga ishonaman.
Imom Buxoriydan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytilganidek, “Kimgaki aql-idrok berilsa, u najot topadi”.
Har bir yosh bizning kelajagimiz! Millatimiz ertasi boʻlgan oʻgʻil-qizlarimizni ehtiyot qilish esa bizning eng ustuvor vazifamizdir!
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish