1

Yuksak matonat va metin iroda egalari parasport bahslarida bellashishdi

1992-yil 14-oktabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 47/3-sonli qaroriga asosan, 3-dekabr – Xalqaro nogironligi bo‘lgan insonlar kuni sifatida belgilangan.

Bundan asosiy maqsad jamiyatda nogironligi bo‘lgan shaxslar duch kelayotgan muammolarni yaxshiroq tushunish, ularni bartaraf etish, qadr-qimmati, huquqlarini himoyalash, turmush sharoitlarini yaxshilashdan iborat.

Yurtimizda har yili mazkur sana e’tibor markazida bo‘ladi. Zero, mehr-muruvvatli va bag‘rikeng xalqimiz azal-azaldan yordamga muhtoj, imkoniyati cheklangan insonlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni jamiyatda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan eng muhim qadriyatlardan biri sifatida e’zozlab keladi.

Ana shunday ezgu an’analarimizni bugungi zamon talablari asosida rivojlantirish maqsadida keyingi yillarda yurtimizda imkoniyati cheklangan insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish borasidagi davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Shu maqsadda bugun Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida sana munosabati bilan adaptiv sport musobaqalari hamda “Inklyuziv intellektual ring” o‘yini o‘tkazildi.

Sport vazirligi hamda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan musobaqada Akademiyaning nogironligi bo‘lgan talabalari sportning shaxmat-shashka, armwrestling hamda darts turlari bo‘yicha ishtirok etishdi. 

Sport musobaqalaridan so‘ng “Inklyuziv intellektual ring” o‘yini o‘tkazildi.

Unda talabalar jamoalarga bo‘lingan holda hakamlar tomonidan berilgan mantiqiy savollarga javob berishdi. 

Yakunda g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish