1

Radikallashuvni oldini olishda jamiyatning axborot madaniyati va jamoatchilik ishtirokini oshirish

Bugun Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Radikallashuvni oldini olishda jamiyatning axborot madaniyati va jamoatchilik ishtirokini oshirish” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan “Radikallashuv va yot g‘oyalarga qarshi kurashish hamda axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish” o‘nkunligi loyihasi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Ushbu oʻnkunlik tadbirlaridan maqsad – yoshlarni radikalizm, terrorizm, ekstremizm, soxta daʼvolar, gʻarazli daʼvatlar, axborot xurujlari, mafkuraviy tazyiqlar, ommaviy madaniyat taʼsiridan himoyalash, ularda vatanparvarlik, sadoqat tuygʻularini shakllantirishdan iborat. 

Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti hamda “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Habibullo Sadibaqosev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi professori Anvar Yo‘ldoshev, Toshkent kimyo-texnologiyalar instituti professori Oybek Sirojov, Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti dekani Farhod Karimov, “Xalqaro munosabatlar” kaferasi mudiri Bektosh Berdiyev, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi. 

Tadbir uchun tanlangan mavzularni keng va atroflicha yoritib berish uchun ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy sohada nafaqat mamlakatimizda, balki dunyo miqyosida tan olingan davlat va jamoat arboblari, yetakchi ekspertlari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi.

Davra suhbatini Xalqaro munosabatlar kafedrasi mudiri, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Bektosh Berdiyev olib bordi.

Mazkur tadbir radikallashuvning oldini olishda jamiyatning axborot savodxonligini oshirish va nosog‘lom g‘oyalar ta’siriga qarshi immunitetni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, jamoatchilikning faol ishtiroki orqali yoshlar ongida tanqidiy fikrlash va mas’uliyat hissini kuchaytirish imkonini yaratadi.

Tadbir yakunida talabalar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi.

Izoh qoldirish