1

Madhiya – milliy istiqlolimiz ramzi, Vatanga muhabbatning eng go‘zal qasidasi

O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi mamlakatimiz suverenitetining ramzlaridan biridir. 1992-yil 10-dekabr sanasida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan kun. Qonunda madhiyamizga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchidir deb belgilab qo‘yilgan. 

Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Davlat madhiyasini birgalikda ijro etamiz!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganligining 33 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Akademiya prorektorlari, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Akademiya jamoasi birgalikda ijro etishdi.

Davlat madhiyasining muallifi O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov bo‘lib, musiqasini O‘zbekiston xalq artisti, atoqli bastakor Mutal Burhonov yaratgan. Madhiyada xalqimizning ezgu orzu-umidlari, kelajakka mustahkam ishonchi teran ifodalangan. Unda mardona va sharaflarga boy o‘tmishimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ular tarannum etilgan.

Shundan so‘ng Akademiya rektori so‘z olib, davlat ramzlari insonda vatanparvarlik fazilatini shakllantiruvchi, shu aziz yurtimizni jon-u dildan sevishga undovchi muhim vosita ekanini e’tirof etdi.

Mazkur tadbirning maqsadi yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirish, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida madhiyamiz muhim tarbiyaviy vosita ekanini targ‘ib etishdan iborat ekani ta'kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, bugun kun davomida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganligining 33 yilligiga bag‘ishlab Akademiya professor-o‘qituvchilari va xodimlari ishtirokida sport tadbirlari o‘tkaziladi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish