3

Akademiya va IRCICA o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi

Turkiyada O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqotlari markazi (IRCICA) o‘rtasida Anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, “Islom tarixi va manbashunosligi (IRCICA)” kafedrasi professor-o‘qituvchilari G‘ayrat Rasulov, Obid Tangirov, IRCICA tomonidan esa Markaz direktori Mahmud Erol Qilich hamda bo‘lim boshlig‘i Ashirbek Mo‘minov ishtirok etdilar.

Marosim davomida tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, xususan, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalar, ilmiy nashrlar, xalqaro konferensiyalar hamda akademik almashinuv masalalari muhokama qilindi.

Mazkur memorandum kelgusida ikki muassasa o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Ma’lumot uchun aytish joizki, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqotlari markazi (IRCICA) o‘rtasidagi Anglashuv memorandumi ilk bor 2019-yil 19 aprel kuni imzolangan edi.

Rasmiy marosimlardan so‘ng Akademiya rektori Muzaffar Kamilov IRCICAning boy ilmiy-ma’rifiy kutubxonasi, qo‘lyozmalar bilan ishlash bo‘limida bo‘ldi.

IRCICA kutubxonasi islom ilmlariga oid o‘zining nodir manbalari, qo‘lyozmalari bilan mashhur hisoblanadi. Tashrif davomida manbalarni jamlash, ro‘yxatga olish, talab darajasida saqlash hamda ilmiy tadqiq qilish jarayoni bilan tanishildi.

Izoh qoldirish