1

Buyuk ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy – avlodlar e’tirofida

Yurtimiz tarixida g‘oyat murakkab va sinovli davr bo‘lgan XX asr boshida maydonga chiqqan Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidlik harakatining asoschisi hisoblanadi. XX asr oʻzbek adabiyoti va sanʼati, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarida faol ishtirok etgan, millat maʼrifati, ozodligi, hurligi yoʻlida mardonavor kurashgan bu ulugʻ allomaning sermashaqqat va sermahsul faoliyati tarix sahifalaridan mangu oʻrin egalladi, avlodlar uchun ibrat maktabi boʻlib qoldi.

Keyingi yillarda Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasini abadiylashtirish, hayoti va faoliyatini chuqur tadqiq qilish, ilmiy va badiiy asarlarini keng ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda bugun Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professor-oʻqituvchilari hamda xodimlari Adiblar xiyobonida Mahmudxoʻja Behbudiy xotirasini yod etishdi.

Allomaning haykali yonidagi maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvda oʻzbek jadidchilik harakati yetakchisining hayoti va ijodi, jadidchilik harakati haqida soʻz yuritildi.

Soʻzga chiqqanlar tomonidan talaba-yoshlarga adib hayoti va ijodi, ilmiy-maʼnaviy faoliyati haqida qiziqarli maʼlumotlar berildi. 

Mahmudxo‘ja Behbudiy mamlakat taraqqiyotini nainki maktablar, balki teatr, adabiyot rivoji, bir necha tillardan, dunyoda kechayotgan voqeliklardan xabardorlik bilan ham uzviy bog‘lagani qayd etildi.

Uchrashuv davomida “Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi maxsus stipendiya” sovrindorlari so‘zga chiqib, mutafakkir hayoti va ijodi, ilmiy faoliyatiga oid qiziqarli ma’lumotlar berishdi.

Tadbir tashkilotchilari O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tomonidan buyuk ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy ijodini chuqur o‘rganishga qaratilgan amaliy ishlar bardavom olib borilishini ma’lum qildi. 

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish