BMT va O‘zXIA: hamkorlik aloqalarida yangi davr
Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi loyiha menejeri Dimitriy Ponomaryov boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, prorektorlar – Olim Astanakulov, Irgash Daminov, Zokirjon Ro‘ziyev, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, “Ziyo” media markazi direktori Abduhamid Muxtorov hamda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev kutib oldi.
Muloqot avvalida Akademiya rektori Muzaffar Kamilov mehmonlarni Akademiyaga tashrifi bilan qutlab, muassasaning tashkil etilishi tarixi, ilmiy faoliyati, taʼlim yoʻnalishlari, maqsad va vazifalari hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.
BMT va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari yuqori darajada faol davom etayotgani, xususan, jaholatga qarshi ma’rifat shiori ostida zo‘ravonlik va ekstremizmga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotganini qayd etdi.
Rektor Muzaffar Kamilov ushbu yo‘nalishdagi harakatlarni davom ettirish va doimiy tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan yaqin hamkorlik olib borilayotganini e’tirof qildi.
Suhbat davomida Akademiyada ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasida axborot-tahliliy, ilmiy-tadqiqot va ma’rifiy faoliyatni amalga oshiruvchi “Ziyo” media markazi haqida ma’lumot berildi.
Ekstremizm, xalqaro terrorizm va bu omillarning rivojlanishi uchun ildiz vazifasini o‘tashi mumkin bo‘lgan diniy radikalizmga qarshi kurashish, ushbu omillar oqibatida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan terroristik hodisalarning oldini olishda mamlakat fuqarolariga hamda xalqaro terrorizm va zo‘ravon ekstremizm bilan bevosita qarshi kurashayotgan shaxslarga axborot, tahlil va huquqiy jihatdan amaliy ko‘rsatish maqsadida “Ziyo” media markazi tashkil etilgan.
Markaz davlat yoki nodavlat boshqaruvidagi deyarli barcha telekanallar va radiokanallar hamda turli internet manbalari vositasida yoshlarni yot g‘oyalardan himoya qilish, jamiyatda diniy mutaassiblikning ildiz otishiga yo‘l qo‘ymaslik, terrorristik va ekstremistik g‘oyalarga qarshi aholida immunitet hosil qilish. O‘zbekiston Prezidentining “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi ostida muqaddas dinlarning ezgu g‘oyalari, tinchliksevarlik va bag‘rikenglik tamoyillarini targ‘ib etish, O‘zbekistonda islom madaniyati, ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalar merosini chuqur o‘rganish, din musaffoligini asrash hamda zo‘ravonlik ekstremizmi va terrorizmga qarshi kurash yo‘nalishida o‘zining media mahsulotlarini namoyish etib boradi.
O‘z navbatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi loyiha menejeri Dimitriy Ponomaryov hamkorlik imkoniyatlari keng ekanligiga urgʻu berib, talabalar almashinuvi, magistrlarning ta’lim jarayonlari, ilmiy-metodik almashinuvlar, professor-o‘qituvchilarning hamkorlikdagi dars berishlari borasida fikr yuritildi.
Rektor Muzaffar Kamilov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. Xususan, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida xassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalarimiz ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.
Muloqotda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi boshqa diniy-ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini haqida so‘z yuritildi.
Uchrashuvda o‘zaro hamkorlik aloqalari muhokama etildi. Jumladan, jurnalistlarni malakasini oshirish, birgalikda ekstremizmga qarshi loyihalar, videoroliklar, soha mutaxassislari ishtirokida video qo‘llanmalar, risolalar tayyorlash haqida so‘z yuritildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish