1

Dolzarb mavzuda davra suhbati o‘tkazildi

Avval xabar berganimizdek, bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi loyiha menejeri Dimitriy Ponomaryov boshchiligidagi delegatsiya mehmon bo‘ldi.

Dastlab delegatsiya a’zolari hamda Akademiya rahbariyati o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Shundan so‘ng delegatsiya a’zolarining Akademiya professor-o‘qituvchilari bilan davra suhbati o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi prorektorlari, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi.

Suhbat davomida BMT va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari yuqori darajada faol davom etayotgani, xususan, jaholatga qarshi ma’rifat shiori ostida zo‘ravonlik va ekstremizmga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotganini qayd etildi.

Delegatsiya a’zolari Akademiya professor-o‘qituvchilarining turli internet manbalari vositasida yoshlarni yot g‘oyalardan himoya qilish, jamiyatda diniy mutaassiblikning ildiz otishiga yo‘l qo‘ymaslik, terrorristik va ekstremistik g‘oyalarga qarshi aholida immunitet hosil qilishdagi ishlarini yuqori baholadi.

Vakillarimiz tomonidan “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi ostida muqaddas dinlarning ezgu g‘oyalari, tinchliksevarlik va bag‘rikenglik tamoyillarini targ‘ib etish, O‘zbekistonda islom madaniyati, ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalar merosini chuqur o‘rganish borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi.

O‘z navbatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi loyiha menejeri Dimitriy Ponomaryov hamkorlik imkoniyatlari keng ekanligiga urgʻu berib, talabalar almashinuvi, magistrlarning ta’lim jarayonlari, ilmiy-metodik almashinuvlar, professor-o‘qituvchilarning hamkorlikdagi dars berishlari borasida fikr yuritildi.

Muloqotda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi boshqa diniy-ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini haqida so‘z yuritildi.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish