O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektorining 21-mart – Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan bayram tabrigi
Assalomu alaykum hurmatli hamkasblar!
Qadrli talaba-yoshlar!
Kechagina barchamiz muqaddas dinimizning eng go‘zal bayrami – Muborak Ramazon hayitini yuqori kayfiyat, o‘zgacha shukuh ila nishonladik. Parvardigori olamdan yurtga tinchlik, totuvlik, barokat so‘rab, millionlab qo‘llar duoga ochildi.
“Tinch elga bayram yarashadi” deganlaridek, bugun Ona diyorimizga barchamiz orziqib kutgan Navro‘zi olam kirib kelmoqda.
Kurrayi zamin va tabiatga mehr-muhabbat, saxovat, muruvvat, bunyodkorlik va olijanoblik kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar eng qadimiy bayramimiz bo‘lgan Navro‘z timsolida asrlar davomida ulug‘lanib, sayqal topib kelayotir.
Shu o‘rinda Prezidentimizning Navro‘z bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabriklaridagi quyidagi jumlani keltirishni joiz topdim: “Xalqimiz asrlar davomida og‘ir va mashaqqatli, sinovli paytlarda ham bu bayramni olijanob tabiati va qadriyatlari bilan asrab-avaylab kelgani chinakam mo‘jizadir.
Navro‘zning betakror go‘zalligi, insonparvarlik ruhi va teran falsafasi globallashuv davrida ham butun bashariyatni hayratga solayotgani uning azaliy mohiyati va hayotbaxsh kuchidan dalolat beradi”.
Fursatdan foydalanib, Navro‘z umumxalq bayrami bilan Akademiyamizning ahil jamoasi, talaba-yoshlarni chin qalbimdan samimiy tabriklayman!
Azizlar!
Ma’lumki, Navro‘z ayyomi insoniyat sivilizatsiyasi tarixining ilk davrlariga borib tutashadi. Navro‘z qachon, qanday vujudga kelganidan qat’iy nazar, u har tomonlama ilmiy asoslanib, koinot va tabiat qonuniyatlari hisobga olingan holda joriy etilgan. Chunonchi, quyoshning hamal burjiga kirishi, kunduzning uzaya boshlashi, tabiatning jonlanishi – Navro‘z deb qabul qilib olingan.
Darhaqiqat, Navro‘z oddiy bayram emas, balki xalqimiz tasavvurlari, qadriyatlari, falsafasi va tarixini o‘zida mujassam etgan qadim qadriyatdir. Navro‘z –tinchlik, totuvlik, farovonlik bayrami. Millati, dinidan qat’i nazar O‘zbekistonda yashayotgan barcha millatlar, elatlar uchun birdek sevimli ayyom.
Keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Navro‘z bayramining ham qadim shukuhi yanada rivoj topdi. Bu borada joriy yilning 6-mart kuni davlatimiz rahbarining “2026-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bayram tantanalari mamlakatimizda “Navroʻzni ulugʻlash — insonni ulugʻlashdir!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlanmoqda.
Prezident qarorida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning kundalik hayoti, ongi va dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar Navro‘zning insonparvarlik va inklyuzivlik mohiyatiga, azaliy qadriyat va an’analariga hamohang ekani alohida qayd etilgan.
Bahor fasli yangilanish, yasharish davridir. Borliq uyg‘onadi, atrof yashillikka burkanadi. Ko‘nglimiz bahordek yangilanib, yangi kunga, ertangi kunga ishonchimiz ortadi. Navro‘z shodiyonasi esa barchamizni o‘yin-kulgiga chorlab, tinchlik-xotirjamlikni qadriga yetishga undaydi.
Ayniqsa, ushbu qadimiy bayramning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan yasharish va yangilanish, yaxshilik va bag‘rikenglik, tabiatni asrab-avaylab, doimo u bilan uyg‘un bo‘lib yashash kabi umrboqiy g‘oyalar bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy maqsadi va ma’no-mazmuniga g‘oyat hamohang ekani bilan ahamiyatlidir.
Qadrli hamkasblar, aziz talabalar!
Navro‘z o‘zining uyg‘onish, yasharish va yangilanish borasidagi udum va an’analari bilan doimo yoshlikni, navqironlikni, hayot go‘zalligi va jo‘shqinligini ulug‘lab keladi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham bu yil ulug‘ ayyomimizni “Navroʻzni ulugʻlash — insonni ulugʻlashdir!” shiori ostida bayram sayli sifatida keng nishonlanayotgani barchamizning qalbimizga yuksak g‘urur va iftixor bag‘ishlamoqda.
Fursatdan foydalanib, barchangizni yana bir bor Navro‘zi olam bilan qutlab, sizlarga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, uzoq umr, ezgu niyatlar ijobatini tilayman!
Navro‘z har bir oila, har bir xonadonga, butun yurtimizga tinchlik-omonlik, mehr-u oqibat, qut-baraka olib kelsin!
Bahoriy tengkunlik – Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!
Muzaffar Kamilov,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish