Yurtimizda hamkor tashkilotlar bilan dolzarb mavzudagi seminar o‘z ishini boshladi
Asrlar davomida ayolni e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish o‘zbek xalqiga xos fazilat bo‘lib kelgan. Shu ma’noda, keyingi yillarda yurtimizda gender tenglik, xotin-qizlarning huquq-manfaatlarini ta’minlash masalasida juda ahamiyat qaratilmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar “Hech bir ayol davlat va jamiyat e’tiboridan chetda qolmaydi” degan qat’iy tamoyil asosida davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida olib borilayotir.
Shu bois, bugun poytaxtimizdagi “Panorams” mehmonxonasida “O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishda islom dini qadriyatlarining o‘rni” mavzusidagi uch kunga mo‘ljallangan yuqori darajali muloqot hamda ilmiy seminar boshlandi.
Mazkur tadbir BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA), Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Seminarning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining (UNFPA) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi doimiy vakili Nigina Abaszada, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quranbayev, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabin Mahl, Misr Arab Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Tamer Hammad, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Matluba Qahhorova, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Al-Azhar universiteti sobiq prezidenti, professor Ibrahim Elhodqod, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi vakillari, otinoyilar, imom-xatiblar hamda soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
Anjuman “Xalqaro islom aholini o‘rganish va tadqiqot markazining e’tiqodiga asoslangan yondashuvdan foydalanib, jinsiy va reproduktiv salomatlik (SRH) hamda reproduktiv huquqlar uchun himoya qilishdagi roli”, “Ayollar salomatligi va huquqlarini himoya qilishda diniy yetakchilarning roli” hamda “Islomda ayollar huquqlari” kabi panel sessiyalarga bo‘lingan holda davom etdi.
Bugungi tadbir ham Al-Azhar universiteti vakillari ishtirokida Toshkent shahrida imomlar, otinoyilar, mahalla vakillari, tegishli muassasalar va akademik doiralar vakillari uchun uch kunlik interaktiv trening-seminar shaklida o‘tkaziladi.
Seminar ekspert taqdimotlari, muhokamalar, amaliy mashqlar va harakatlar rejasini ishlab chiqish jarayonlarini o‘z ichiga oladi. Asosiy e’tibor umumiy yondashuv va xabarlarni shakllantirish, amaliy maslahat berish va kommunikatsiya ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, diniy muassasalar, mahalla tuzilmalari va davlat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratiladi.
O‘quvlarni tashkil etishdan maqsad imomlar, otinoyilar, mahalla vakillari va diniy tashkilotlarning o‘z jamoalarida gender tenglikni, ayollar huquqlarini targ‘ib qilish va ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha salohiyatini mustahkamlash, ayollarning ijtimoiy va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov so‘zga chiqib, keyingi yillarda yurtimizda gender tenglik sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tomonidan bajarilgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) butun dunyo bo‘ylab diniy tashkilotlar bilan hamkorlik qilib, ayollar huquqlari, reproduktiv salomatlik hamda huquqlar, shuningdek, ayollar va qizlarga nisbatanzo‘ravonlikning oldini olish masalalari bo‘yicha xabardorlikni oshirib kelmoqda.
O‘zbekistonda 2017-yildan buyon gender tenglik va ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasida sezilarli islohotlar amalga oshirildi. Shu bilan birga, gender stereotiplari, zararli ijtimoiy meyorlar va kamsituvchi qarashlar hali ham keng tarqalgan bo‘lib, ayollar va qizlarning turmushiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ushbu muammolarning asosiy omillarini bartaraf etish maqsadida, UNFPA O‘zbekistonda diniy institutlar bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.
Xususan, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi ham gender tenglikni ta’minlash masalasida ko‘plab xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqda. BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasining “Islomda gender” mavzusidagi loyihasida ishtirok etib, “Islomda gender masalalarining o‘ziga xos tamoyillari” nomli o‘quv qo‘llanmani ishlab chiqqan edi.
Mazkur kitobning ahamiyati shundaki, unda islomdagi gender tengligi va ayollar huquqlarining nazariy muammolari tahlil qilinadi. Qo‘llanma islom huquqida ayollarning huquqiy holatini o‘rganishga bag‘ishlangan keng qamrovli tadqiqot bo‘lib, inson huquqlarining ajralmas qismi sifatida ayol huquqlarini o‘rganish zarurligini asoslaydi.
2021-yildan boshlab, ushbu o‘quv qo‘llanma asosida UNFPA va Akademiya O‘zbekiston hududlarida 600 nafardan ortiq ayol diniy yetakchilari va mahalla faollari uchun seminarlar tashkil etdi. Mazkur seminarlar ishtirokchilarning Islomda ayollar huquqlari, reproduktiv salomatligi va ayollar hamda qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha bilimlarini mustahkamladi.
Seminarda Akademiya professori Nigora Yusupova ham ma’ruza qilib, “Islomda gender masalalarining o‘ziga xos tamoyillari” nomli o‘quv qo‘llanma haqida ma’lumot berdi.
BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda va Buyuk Britaniya hukumati ko‘magida tayyorlangan mazkur qo‘llanmada respublikada islomda gender tenglik mohiyati, reproduktiv salomatlik, ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, ayol huquqlari va erkinliklariga doir islom konsepsiyasi, islom huquqida ayolning huquqiy maqomini tadqiq etishga bag‘ishlangan maqolalar o‘rin olgan. Mazkur kitob bu sohadagi ilk tadqiqot hisoblanadi.
Qo‘llanmada ayollar masalasining umumijtimoiy jihatlari, jamiyat, xotin-qizlar va din, gender tushunchasi, uning xalqaro va milliy huquqiy asoslari, ayol huquqlarini tushunish va islomda teng huquqlilik nazariyasi, islom taʼlimotiga qadar ayollar mavqei hamda islomda gender tushunchasining mohiyati, islom taʼlimotida ayollarning oilaviy munosabatlardagi huquq va majburiyatlari, gender zo‘ravonlik hamda reproduktiv salomatlik kabi jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) o‘rtasida O‘zaro Anglashuv memorandumi imzolandi.
Seminar 26-martga qadar davom etadi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish