1

Yuksak tafakkurli va ilm-ma’rifatli yoshlar – yangi O‘zbekiston bunyodkorlari

Ma’lumki, har qanday davlatning eng katta boyligi va eng buyuk kuchi bu uning yoshlaridir. Hech bir millat yoki davlatda yoshlarsiz rivojlanish va o‘sish bo‘lmaydi, mamlakat taraqqiyoti esa yoshlar qo’lidadir.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga bag‘ishlangan muloqoti doirasida berilgan topshiriqqa ko‘ra, haftaning har payshanba kuni “Yoshlar kuni” sifatida belgilangan. 

Mazkur tashabbus yoshlarning muammolari va takliflarini bevosita tinglash, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda tashabbuslarini amaliyotga joriy etish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida mart oyining har payshanba kuni fakultetlar kesimida “Rektor va yoshlar uchrashuvi” tashkil etilmoqda.

Bugun mazkur loyiha doirasida talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Habibullo Sadibaqosev, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar ishtirok etishdi.

Muloqotni Akademiya rektori kirish so‘zi bilan ochib berarkan, bugungi kunda yurtimiz davlati siyosatining eng asosiy omillaridan biri – yoshlar ekani, barcha sohalar qatori yoshlarga ham katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Amalga oshirilayotgan barcha islohotlar zamirida yoshlar uchun yetarli imkoniyatlar yaratilishi turganini qayd etdi. 

Samimiy muloqot tarzida o‘tgan mazkur uchrashuvda yoshlarga Prezidentimizning yoshlar bilan muloqotida belgilangan ustuvor vazifalar hamda shu asosda institutda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar borasida batafsil ma’lumotlar berildi.

Samimiy muloqot davomida Akademiya rektori talabalarning muomala madaniyati, xulqi-odobi bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi zarurligini, buning uchun esa talabalar shaxsiy namuna ko‘rsatishi, Akademiyaning ichki tartib-qoidalariga rioya etishi shart ekanini qayd etdi.

Bu borada mavjud ayrim kamchiliklarni bartaraf etish, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari o‘zlarining odob-axloqi, yuksak tafakkuri, aql-idroki bilan boshqa oliy ta’lim muassasalarining yoshlariga namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, jahonda ro‘y berayotgan voqea va hodisalar har bir insonni ogohlikka, befarq bo‘lmaslikka chorlayotgani, “jaholatga qarshi ma’rifat” bilan kurashish dolzarb masala ekani qayd etildi.

O‘z o‘rnida talabalar ham bugungi kundagi o‘y-fikrlari orzu-intilishlari g‘oyalari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, uchrashuv davomida talabalar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar ham tinglanib, ularning ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yosh iste’dodlarni rag‘batlantirish masalalari muhokama qilindi.

Yakunda kelgusida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Izoh qoldirish